Ta’lim boshqaruvida raqamli tizim — kelajakmi yoki zarurat?
2026-04-08 17:10:00 / Yangiliklar

Ko‘pchilik ta’lim muammosi faqat darslik yoki kontentda deb o‘ylaydi. Aslida esa asosiy og‘riq nuqta — tizimli boshqaruv va resurslarning tarqoqligidir. www.sirdaryotalimi.uz platformasi aynan shu muammoga yechim sifatida yaratildi. Loyiha muallifi — tajribali pedagog Shaxriddin Xolmuratov. Ta’lim jarayonidagi metodik resurslar tarqoqligi, monitoring yetishmasligi va ota-onalar integratsiyasi pastligi platformani yaratish g‘oyasiga asos bo‘ldi.
Platforma nima qiladi?
O‘quvchi, o‘qituvchi va ota-onalar uchun yagona raqamli ta’lim ekotizimini shakllantiradi. Elektron darslar, test tizimi, videokontent va monitoring funksiyalari bitta platformaga birlashtirilgan. Loyiha Innovatsion rivojlanish agentligi grant mablag’lari evaziga amalga oshirilmoqda. Platformani rivojlantirishda 50 dan ortiq pedagog, dasturchi va mutaxassislar jamoasi ishlamoqda. Muallif bilan bo‘lgan suhbat orqali loyiha haqida yanada ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.
Startap g‘oyasi qanday tug‘ilgan? Bu fikrga kelishingizga nima sabab bo‘lgan va hammasi nimadan boshlangan?
Ushbu loyiha g‘oyasi mening ta’lim sohasidagi ko‘p yillik faoliyatim davomida bosqichma-bosqich shakllangan. Men dastlab Sirdaryo viloyatida fizika o‘qituvchisi, direktor o‘rinbosari, direktor, malaka oshirish markazida masofaviy ta’lim bo‘limi boshlig‘i va Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida Metodika bo‘limi rahbari bo‘lib ishladim. Faoliyatim davomida yuzlab maktablar bilan shug‘ullanishga to‘g‘ri kelgan. Shu jarayonda bir muammo doimo takrorlanishini kuzatdim. Ta’lim resurslari tarqoq, sifatli kontent yetarli emas, ota-onalar esa jarayondan chetda qolmoqda.
Bu g‘oyaning paydo bo‘lishi 2021-yildan boshlangan. Bir kuni oddiy savol paydo bo‘ldi. Nega bizda hamma uchun qulay, yagona va ishonchli ta’lim platformasi bo‘lmasligi kerak? Ana shu savol ushbu startapning boshlanish nuqtasi bo‘ldi. Men mavjud muammolarni alohida-alohida emas, balki tizimli yondashuv orqali hal qilish mumkinligini angladim.
Bugungi kunda loyihaning asosiy faoliyati nimalardan iborat? U kim uchun foydali va asosiy foydalanuvchilar kim?
Bugungi kunda loyihamizning asosiy faoliyati – raqamli ta’lim muhitini shakllantirishdan iborat. Biz www.sirdaryotalimi.uz platformasi orqali, sifatli elektron darslar, videokontentlar, metodik materiallar, testlar va baholash tizimlari, ota-onalar uchun foydali bo‘limlar yaratib, yagona tizimga jamlaymiz.
Platforma o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar va rahbarlar uchun mo‘ljallangan. Asosiy maqsadimiz – ta’lim jarayonini qulay, shaffof va samarali qilish.
Nima uchun aynan shu muammo dolzarb bo‘lib ko‘rindi?
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida rejalar, dasturlar tez o‘zgarayotganini ko‘ryapmiz.
Darsliklar, metodikalar tez-tez yangilanmoqda. Afsuski, bu jarayonlarda o‘qituvchi va ota-onalar har doim ham moslashib ulgurmayapti. Natijada, o‘qituvchilar chalkashlikka tushadi, o‘quvchilar mustaqil ishlashda qiynaladi, ota-onalar yordam bera olmaydi.
Albatta bu holatlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir kuchini ko‘rsatishi muqarrar. Shu sababli men bu muammoni kechiktirmasdan hal qilish zarur, deb hisobladim.
Gʻoya paydo bo‘lganidan keyingi ilk qadamlar qanday bo‘lgan? STARTAP grant dasturiga murojaat qilgunga qadar loyihaning o‘z tarixi bormidi?
Avvalo, men yolg‘iz ishlash emas, jamoa bilan harakat qilish zarurligini tushundim. Tajribali pedagoglar bilan maslahatlashdim, muammolarni tahlil qildik.
Bundan oldin ham Sirdaryotest.uz, Rahbartest.uz, Sirdaryoakt.uz kabi platformalarni yaratib, tajriba to‘plagan edim. Bu loyihalar menga texnik va tashkiliy jihatdan katta saboq bo‘ldi.
Shundan so‘ng, asosiy platformani yaratish uchun zarur hujjatlar tayyorlandi, ishchi guruhlar shakllantirildi va STARTAP grant dasturiga murojaat qilindi.
Hozirda tizimdan qancha odam foydalanmoqda va auditoriyani kengaytirish bo‘yicha rejalaringiz qanday?
Bugungi kunda tizimda minglab o‘qituvchilar va o‘n minglab o‘quvchilar amaliyotda foydalanib kelmoqda. Rejamiz – qisqa muddatda barcha maktablarni platformaga ulash. 2026-yil davomida loyiha doirasida hududiy seminarlar, treninglar, targ‘ibot ishlari, bepul sinov davrlari orqali foydalanuvchilar sonini yanada oshiramiz.
Maqsadimiz – har bir rahbar, o‘qituvchi, o‘quvchi va ota-ona platformani kundalik ish quroliga aylantirish.
Jamoa haqida so‘zlab bersangiz – mahsulotni kimlar yaratdi va bu jamoa qanday shakllandi?
Loyihamiz – bu bitta insonning emas, balki katta jamoaning mehnati. Bugungi kunda jamoamiz tarkibida, 50 dan ortiq tajribali pedagoglar, dasturchilar, metodistlar va dizaynerlar faoliyat yuritmoqda.
Bu jamoa o‘z ishiga fidoyi, tajribali va mas’uliyatli pedagoglardan iborat. Men uchun eng katta boylik – aynan mana shu jamoa.
O‘zbekiston bozoridan tashqariga chiqishni rejalashtiryapsizmi? Agar shunday bo‘lsa, qaysi davlatlarga va nima uchun?
Ha, albatta, kelajakda xalqaro bozorga chiqish rejamiz bor. Dastlab viloyat miqyosida tajriba jarayonlarini muvaffaqiyatli yakunlash. So’ngra O‘zbekiston miqyosida ommalashtirish va keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlariga targ‘ib qilish. Sababi, ta’lim muammolari o‘xshash, madaniy yaqinlik mavjud, til moslashuvi oson.
Ishingizda sun’iy intellektdan foydalanasizmi? Agar foydalansangiz, qanday tartibda?
Hozirgi bosqichda platformada avtomatlashtirilgan baholash va tahlil tizimlari mavjud. Kelgusida esa sun’iy intellekt asosida, individual ta’lim yo‘llari, bilim darajasini bashorat qilish, shaxsiy tavsiyalar va adaptiv testlar joriy etishni maqsad qilganmiz.
Maqsadimiz – har bir o‘quvchi uchun moslashtirilgan ta’lim muhitini yaratish.
Davlat dasturlari va institutlari bilan munosabatlaringiz qanday yo‘lga qo‘yilgan? Barcha tashkilotlar hamkorlikka tayyormi va ular uchun bu qanchalik qiziq?
Bugungi kunda platforma faoliyati quyidagi asosiy hamkor tashkilotlar bilan muvofiqlashtirilgan holda olib borilmoqda. Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Guliston davlat pedagogika instituti, Sirdaryo viloyati metodika markazi hamda hududiy umumta’lim maktablari.
Loyiha faoliyatining muhim tayanch nuqtasi Sirdaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan yo‘lga qo‘yilgan tizimli hamkorlikdir. Ushbu hamkorlik quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
- platformani hududiy maktablarda to‘liq joriy etish;
- pedagoglarni raqamli kompetensiyalarga o‘rgatish;
- monitoring va baholash jarayonlarini muvofiqlashtirish;
- platforma orqali ota-onalarga nazorat tizimini yaratish.
Bugungi kunda loyihamiz viloyat miqyosida pilot loyiha sifatida sinovdan o‘tkazilib, bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda.
Ta’lim sektoriga yo‘naltirilgan mahsulot yaratishda siz uchun eng kutilmagan saboq nima bo‘ldi?
Eng katta saboqlardan biri shuki, texnologiya hamma narsani hal qilmaydi. Asosiy omil inson. Agar o‘qituvchi ishonmasa, ota-ona qatnashmasa, rahbar qo‘llab-quvvatlamasa hech qanday platforma ishlamaydi.
Shuning uchun biz faqat texnologiya emas, balki insoniy munosabatlar, motivatsiya va hamkorlikka ham katta e’tibor bermoqdamiz.
Yaqin istiqboldagi rejalaringiz qanday? 5 va 10 yillik maqsadlaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
Yaqin kelajakda:
- platformani to‘liq ishga tushirish;
- barcha maktablarni qamrab olish;
- kontentni boyitish.
5 yil ichida:
- milliy ta’lim ekotizimining asosiy platformasiga aylanish;
- sun’iy intellekt tizimlarini joriy etish;
- respublika miqyosida yetakchi bo‘lish.
10 yil ichida:
- Markaziy Osiyoda yetakchi ta’lim platformasi;
- xalqaro bozorda tan olingan mahsulot;
- millionlab foydalanuvchilarga ega ekotizim yaratish.
Mening asosiy orzum – har bir bola zamonaviy, sifatli va teng imkoniyatlarga ega ta’lim olishi.


