“Ilm qiyofasidagi ayol” – ilm-fan taraqqiyotida ayollarning o‘rni e’tirof etildi
2026-03-04 14:55:00 / Yangiliklar

8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Innovatsion rivojlanish agentligida “Ilm qiyofasidagi ayol” nomli bayram tadbiri tashkil etildi. Unda respublikamizdagi oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlar hamda innovatsiyalar yo‘nalishiga mas’ul rahbar ayollari, olimalar, yosh tadqiqotchi qizlar ishtirok etdi.
Tadbirda Agentlik direktori v.v.b A.Norov qatnashdi hamda ishtirokchilarni bayram bilan samimiy qutladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga keng jalb etish, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida turli sohalarda, xususan ilm-fan va ta’lim yo‘nalishida samarali mehnat qilayotgan xotin-qizlar soni sezilarli darajada ortdi.
Bugungi kunda umumiy qiymati 1 trillion 405 milliard so‘mlik 763 ta ilmiy loyihaning 214 tasi, ya’ni 28 foizi olima ayollar rahbarligida amalga oshirilmoqda. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimiga qabul qilingan 17 mingdan ortiq izlanuvchilarning qariyb 48 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Shuningdek, respublikamizdagi 36 mingdan ziyod tadqiqotchilarning deyarli yarmi ayollardan iborat. “Akademik harakatchanlik” dasturining 2025-yilgi tanlov g‘oliblarining 40 foizi hamda xorijiy stajirovkalarga yuborilgan yosh olimlarning 24 foizi xotin-qizlar ekanligi ilm-fan va innovatsiyalar tizimida ularning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida ilm-fan va innovatsiya tizimida samarali faoliyat yuritayotgan ayollarning kasbiy yutuqlari alohida e’tirof etildi. Ularning boshqaruvdagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Bayram yakunida ilm-fan taraqqiyoti va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh olima ayollarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Ilm qiyofasidagi ayol” tadbiri ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning mehnatini qadrlash, ularni yangi yutuqlar sari ruhlantirish hamda jamiyat taraqqiyotida ularning beqiyos o‘rnini yana bir bor namoyon etishga xizmat qildi.









