Ixtiro va intellektual mulk himoyasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi
2026-02-19 18:55:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligida Intellektual mulk markazi bilan hamkorlikda “Ixtiro va foydali modellar haqida umumiy tushunchalar, davlat ekspertizasini oʻtkazish tartibi” hamda “Intellektual mulk himoyasi va kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish” mavzularida davra suhbati oʻtkazildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi ixtirochilik faoliyatini yanada rivojlantirish, intellektual mulk obyektlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilish mexanizmlariga oid bilim va amaliy ko‘nikmalarni kengaytirishdan iborat bo‘ldi. Bugungi kunda innovatsion ishlanmalarni patentlash, ularni huquqiy jihatdan himoya qilish hamda tijoratlashtirish jarayonlarini samarali tashkil etish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Davra suhbati doirasida 100 nafardan ziyod “onlayn” va 50 nafar “offlayn” tarzda oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy tashkilotlar mutaxassislari va masʼul xodimlari ishtirok etdi. Muloqot davomida patent ekspertizasining asosiy bosqichlari, talabnomalarni ko‘rib chiqish muddatlari, amaliyotda uchraydigan muammolar hamda ularni bartaraf etishning samarali yo‘llari yuzasidan atroflicha ma’ruzalar qilindi.
Shuningdek, davlat ekspertizasi jarayonida hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, talabnomalarni tayyorlashda yo‘l qo‘yiladigan xatolarni oldini olish, intellektual mulk obyektlarini huquqiy himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir davomida kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashish, noqonuniy ko‘paytirish va tarqatish holatlarining oldini olish bo‘yicha mavjud mexanizmlar ham muhokama qilindi.
Ishtirokchilarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan batafsil va asoslangan javoblar berildi. Ochiq va interaktiv ruhda o‘tgan uchrashuv ixtirochilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, patent tizimini takomillashtirish hamda intellektual mulk sohasida huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladigan muhim platformaga aylandi.
Tashkil etilayotgan bunday tadbirlar innovatsion rivojlanish jarayonlarini jadallashtirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va mualliflik huquqlarini ishonchli himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.









