2025-yilda ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan yosh olimlar va innovatorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar
2026-01-30 20:40:00 / Matbuot anjumanlari

Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb etish, ularning ilmiy faoliyatlariga koʻmaklashish maqsadida mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 222-son qarori ham ayni maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Mazkur qarorga asosan yosh olimlarning oʻz ish joyidan ajralmagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan ilmiy tadbirlarda ishtirok etish, ilmiy-tadqiqot ishi boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, tajriba almashishni nazarda tutuvchi “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi, hamda oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar tomonidan tavsiya etilgan nomzodlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish yuzasidan tanlovlar oʻtkazilib kelinmoqda.
2025-yilda qarorning 1-ilovasi ijrosi doirasida 4 marotaba “Akademik harakatchanlik” dasturi tanlovi tashkil etildi. Maʼlumot uchun mazkur tanlov 2022 va 2024-yillar mobaynida yiliga 1 marotaba oʻtkazilgan va umumiy hisobda gʻoliblar soni sal kam 40 nafarni tashkil etgan. 2025-yildan boshlab mazkur tanlovni har chorakda oʻtkazish amaliyoti joriy etildi.
Hisobot davrida tanlovga 709 ta ariza kelib tushdi. Yakuniy natijalarga asosan I chorakda 16 nafar, II chorakda 25 nafar, III chorakda 23 nafar va IV chorakda 29 nafar, jami 40 yoshgacha boʻlgan 93 nafar yosh olimning loyihalari umumiy hisobda davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 5.5 mlrd soʻm miqdorida moliyalashtirildi. Hududlar kesimida koʻrilganda yil davomida tanlovda ishtirok etish boʻyicha Toshkent shahri va Surxondaryo viloyati yetakchilik qildi.
Shuningdek, “Akademik harakatchanlik” dasturi maxsus axborot tizimi (akadem.ilmiy.uz) takomillashtirildi hamda 2025-yilning
2-choragidan tanlovda ishtirok etish uchun arizalar toʻliq elektron shaklda qabul qilinishi yoʻlga qoʻyildi.
Qarorning 3-ilovasiga asosan 2025-yilda yosh olimlarni xorijiy ilmiy stajirovkalarga yuborish dasturi boʻyicha jami 8 tanlov oʻtkazildi. Ularga talabgorlar tomonidan jami 1395 ta ariza yuborildi. Yakuniy natijalarga koʻra, 145 nafar yosh olim AQSH, Italiya, Fransiya, Turkiya, Rossiya kabi 12 ta davlatning nufuzli xorijiy ilmiy tashkilotlariga ilmiy stajirovkalarga yuborildi. Shuningdek, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, ortiqcha vaqt va resurslarni tejash hamda respublikamizning barcha viloyatlaridagi talabgorlarga qulaylik yaratish maqsadida stajirovka tanlovlariga ariza topshirish jarayoni toʻliq raqamlashtirildi.
Maʼlumot oʻrnida, ayni damda “Akademik harakatchanlik” tanlovi boʻyicha 2026-yil uchun 1chi tanlov, hamda yosh olimlarni xorijga stajirovkaga yuborish boʻyicha 8 ta tanlov amalda boʻlib, ularda ishtirok etish tartibi hamda tanlovlar talablari bilan rasmiy saytimiz va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali tanishishingiz mumkin.
