Rahbar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi
2025-12-24 18:35:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan navbatdagi “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi. Ayni vaqtda Agentlik tizimida 35 yoshgacha bo‘lgan xodimlar soni 100 nafarga yetgan bo‘lib, ulardan 25 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Ushbu raqamlar respublikamizda yosh kadrlarga keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida olib borilayotgan islohotlarning yaqqol namunasidir.
Uchrashuvda Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b. A.Norov ishtirok etdi. U o‘z nutqida yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsion sohalarda faoliyat yuritish, kasbiy o‘sish imkoniyatlari, shuningdek, iqtidor va salohiyatlarini namoyish etish uchun yaratilgan sharoitlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, direktor yoshlarning g‘oya va tashabbuslarini ilgari surish, startap loyihalarini amalga oshirish va innovatsion dasturlar orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shish imkoniyatlari kengaytirilayotganini ta’kidladi.
Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv davomida yosh xodimlar o‘z takliflarini bildirdi. Ilgari surgan tashabbuslari va loyihalari yuzasidan fikr almashildi, muhim mavzularda amaliy tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida yoshlar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularni tizimli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fik bildirildi.
Ushbu uchrashuv nafaqat yoshlar va rahbarlar o‘rtasidagi samarali muloqot maydoni bo‘ldi, balki yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning professional va ijtimoiy faolligini oshirish borasida yangi yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qildi.




