O‘zbekistonlik yosh tadqiqotchi polietilen chiqindilarni qayta ishlashda yangi texnologiya yaratmoqda
2025-12-11 10:35:00 / Yangiliklar

Plastik chiqindilarning boshqarilmayotgan oqimi bugungi kunning eng dolzarb ekologik muammolaridan biri. Tabiatga tashlab yuborilgan plastiklar quruqlikni ham, suv havzalarini ham ifloslantiradi. Yirik daryolar orqali okeanlarga oqib tushayotgan chiqindilar miqdori ham kundan-kunga oshmoqda.
O‘zbekistonda ham polietilen chiqindilari hajmi yil sayin ko‘payib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yiliga 400 ming tonnadan ortiq polimer chiqindilari paydo bo‘ladi va ularning aksariyatini polietilen tashkil etadi. Bunday chiqindilarni qayta ishlash esa mamlakatning ekologik barqarorligini ta’minlash, mahalliy xomashyoni rivojlantirish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish uchun muhim omil hisoblanadi.
Shu maqsadda “Akademik harakatchanlik” dasturi g‘olibi Feruzjon Yaxyoyev tomonidan polietilen chiqindilarini qayta ishlashda suv va elektroenergiya sarfini keskin kamaytiradigan yangi texnologiya ishlab chiqilmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, hozirda Xitoydan keltirilayotgan qayta ishlash liniyalarida granulani sovitish jarayoni bir xil haroratda amalga oshmaydi. Bundan tashqari, sovitish jarayonida foydalanilgan suv bevosita kanalizatsiyaga oqizib yuboriladi. Buning oqibatida suvning katta miqdori behuda sarflanadi, sovuq suvning to‘satdan ta’siri plastmassaning ichki strukturasi buzilishiga olib keladi, nasoslarning uzluksiz ishlashi elektroenergiyani ko‘p iste’mol qiladi.
Yangi ishlab chiqilayotgan qurilma esa ushbu muammolarning barchasiga yechim bo‘lishi mumkin. Qurilma datchiklar yordamida suvning haroratini doimiy nazorat qiladi va uni 25 °C darajada ushlab turadi. Eng muhimi, suv kanalizatsiyaga tashlanmaydi — maxsus tizim orqali sovutiladi, filtrlanadi va yana qayta ishlov jarayoniga qaytariladi. Bu esa suv sarfini minimal darajaga tushiradi, elektroenergiya isrofini kamaytiradi hamda granulaning sifatini barqaror va yuqori darajada ushlab turadi.
Mutaxassislarning fikricha, ushbu texnologiya Xitoydan olib kelinayotgan mavjud liniyalardan ancha samaraliroq bo‘lib, O‘zbekistonda plastik chiqindilarni qayta ishlash bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin.
Yosh tadqiqotchining ushbu loyihasi ekologik barqaror ishlab chiqarishga o‘tish, resurslarni tejash va yuqori sifatli mahsulot olish borasida katta imkoniyatlar yaratmoqda.

