“INNOVO” fundamental tadqiqotlar tanlovi
20:30 31.10.2025

Muddat: 01.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, davlat dasturlari va konsepsiyalarida bayon etilgan vazifa va topshiriqlarda belgilangan vazifalarning ilmiy yechimlariga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari doirasida bajariladigan fundamental tadqiqot loyihalari tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Mazkur tanlov ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq oʻtkaziladi hamda quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
1. “Biologiya va biotexnologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha
1.1. Hajmga bogʻliq anion kanalining fundamental hujayraviy jarayonlar biofizikasidagi roli.
1.2. Yoshga bogʻliq omillarning markaziy asab tizimidagi metabolik jarayonlar va neyrodegenerativ oʻzgarishlarga taʼsirini o‘rganish.
1.3. Vistseral tizim organlari patologiyalarida mitoxondriya disfunksiyasini oʻsimlik birikmalari bilan farmakologik korreksiya qilish mexanizmlari.
1.4. Oʻsimlik biologik faol birikmalarining multitarget kardioprotektiv taʼsir mexanizmlari.
1.5. Turli darajadagi elektromagnit toʻlqinlarining in vivo va in vitro sharoitida inson va hayvonlar organizmiga taʼsir mexanizmlarini oʻrganish.
1.6. Neyrodegeneratsiya patogenezida uzoq zanjirli RNK ishtirok etish mexanizmlarini o‘rganish
1.7. Oʻzbekiston aholisida autizm spektri buzilishining (ASB) transkriptor tahlili.
1.8. Markaziy Osiyo ayrim ilonlari zaharlaridan oʻsmaga qarshi komponentlarni izlash, ajratib olish va tavsiflash
2. “Tibbiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha
2.1. Arterial gipertenziyasi boʻlgan bemorlarda kognitiv buzilishlar rivojlanishining omiks mexanizmlari.
2.2. Homila patologiyalarini surfaktant terapiyasi va fetal jarrohlik yoʻli bilan bachadon ichida davolashning patogenetik asoslari va innovatsion texnologiyalari.
3. “Iqtisodiyot fanlari” yoʻnalishi boʻyicha
3.1. “Ogʻir” sharoitli tumanlarda imtiyozli soliq stavkalarini qoʻllash samaradorligini baholash kompleks uslubiyoti tizimini yaratish.
3.2. Inson kapitali rivojlanishi orqali inklyuziv iqtisodiy oʻsishni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishning innovatsion konseptual modelini ishlab chiqish
- Yashil iqtisodiyotga oʻtishda fiskal siyosatning konseptual modelini ishlab chiqish
4. “Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiyalar” yoʻnalishi boʻyicha
Metalloksid-kremniy nanokompozit birikmali sensorlarni yaratishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish va tadqiq qilish.
5. “Tarix va arxeologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha
Oʻzbek oilasi transformatsion rivojlanishi asosida uning tarixiy rekonstruksiyasini ishlab chiqish.
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib, vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yilning 1-dekabr soat 23:55 ga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov shartlari.
- Loyihani amalga oshirish bo‘yicha ilmiy jamoaning o‘rtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim. Ilmiy jamoada yosh olimlar va iqtidorli talabalar (shu jumladan, magistratura talabalari) ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
- Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi. Loyiha hamrahbari sifatida xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan va loyiha mavzusi yoʻnalishida muhim natijalarga erishgan, “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalarida “Hirsh” indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan yetakchi olimlar jalb qilinadi.
- Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
- Ilmiy loyiha Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasiga (loyiha.ilmiy.uz) yuklanishi lozim.
- Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda loyihaning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarning sifatliligi, ularga toʻla va oʻz vaqtida erishilishiga loyiha rahbarlari, loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari hamda tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
- Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
- Tanlovda belgilangan yoʻnalishlarda bajarilishi 4 (toʻrt) yilga moʻljallangan fundamental tadqiqotlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 12 000 barobaridan oshmagan holda mablagʻ ajratiladi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari faqat ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi (ScienceID) identifikatsiyasiga ega foydalanuvchilar tomonidan davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali qabul qilinadi. “ScienceID” dan roʻyxatdan oʻtish id.ilmiy.uz tizimi orqali amalga oshiriladi. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan, ijrochi tashkilot rahbarining masʼul oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanmagan loyiha talabnomalari tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (211, 219, 425, 246).
