“SI: gʻoyadan – amaliyotga” amaliy tadqiqotlar tanlovi
18:20 28.10.2025

Muddat: 01.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” PQ–358-son qaroriga 1-ilovaning 3-bobi 2-paragrafida belgilangan vazifalar boʻyicha qishloq xoʻjaligi, bank, transport, logistika, sanoat va xizmat koʻrsatish, jamoat xavfsizligini taʼminlash, geologiya va energetika, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, taʼlim, madaniyat va turizm hamda raqamli hukumat sohalarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish va ustuvor loyihalarni amalga oshirish maqsadida Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan amaliy tadqiqotlar tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
- Qishloq xoʻjaligi fanlari
- Iqtisodiyot fanlari
- Texnika fanlari
- Tibbiyot fanlari
- Farmakologiya va farmatsevtika fanlari
- Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari
Tanlov doirasida ilmiy ekspertiza natijalariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan loyiha talabnomalari fan yoʻnalishari kesimida saralab olinadi.
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yil 25-oktabrdan 2025-yil
1-dekabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov shartlari.
1. Tanlovda amaliy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin.
2. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
3. Amaliy tadqiqot loyihalari boʻyicha ijrochi tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi majlisining bayonidan koʻchirmada va bajarilishi rejalashtirilgan amaliy tadqiqot loyihasi yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natija (yakuniy mahsulot, yangi ishlanma, texnologiya) qayd etilishi (asoslab berilishi) lozim.
4. Tanlovga bajarish muddatlari 3 yilgacha boʻlgan loyihalar qabul qilinadi.
5. Loyihani amalga oshirish boʻyicha ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi, qoida tariqasida
45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
6. Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari manfaatdor vazirlik va idoralarning qoʻllab-quvvatlash xati mavjud boʻlganida qabul qilinadi.
7. Loyiha talabnomasi maʼlumotlari Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali kiritiladi va ijrochi tashkilotning masʼul rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Amaliy tadqiqot loyihasini bajarish davri bo‘yicha loyiha qiymati quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:
bajarilishi bir yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 000 barobarigacha;
bajarilishi ikki yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHMning 5 000 barobarigacha;
bajarilishi uch yil bo‘lgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHMning 7 500 barobarigacha.
9. Tanlovga taqdim etiladigan amaliy tadqiqot loyihalari yakunida axborot tizimini ishlab chiqish, kompleks foydalanishga asoslangan dasturiy mahsulotlar, veb platformalar, mobil ilovalar yaratishga qaratilgan boʻlsa quyidagilar talab qilinadi:
yaratiladigan dasturiy mahsulot uchun Adliya vazirligining intellektual mulk departamenti tomonidan oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va EHM uchun yaratilgan dastur guvohnomasini olish vazifasi loyiha talabnomasida aks etishi;
dasturiy mahsulotning loyiha yakunlangandan soʻng, uzluksiz ishlashi va zarur hollarda maʼlumotlarni yangilab borish;
loyiha talabnomasida kamida 3 (uch) yillik “hosting” va “domen” (mobil ilova boʻlsa, mobil ilovalar doʻkoniga joylashtirish) xarajatlarini 5.4-shakldagi “loyihaning boshqa shu kabi xarajatlar” bandiga kiritish.
Eslatma:
1. Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
2. Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq ekspertizadan oʻtkaziladi.
3. Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari loyiha rahbarining ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tizimida (id.ilmiy.uz) roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshiriladi. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan, ijrochi tashkilot rahbarining masʼul oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanmagan loyiha talabnomalari tanlovga qabul qilinmaydi.
Loyiha talabnomalarini shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (219, 425, 246).
