Ulushli moliyalashtiriladigan amaliy tadqiqotlar tanlovi
23:55 13.08.2026

Muddat: 21.09.2026
AmaliyIlmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ulushli moliyalashtiriladigan amaliy tadqiqotlar loyihalari tanlovi e’lon qilinmoqda.
Tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 16-fevraldagi PF-21-son Farmonining 1-ilova 10-maqsad 40-bandiga asosan ilmiy-tadqiqot ishlarining ustuvor yo‘nalishlari doirasida tashkil etilmoqda.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorda belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
- Farmakologiya va farmatsevtika fanlari;
- Biologiya va biotexnologiya fanlari;
- Tibbiyot fanlari;
- Iqtisodiyot fanlari;
- Qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish fanlari;
- Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiya fanlari;
- O‘rmon xo‘jaligi, tuproqshunoslik va o‘simliklarni himoya qilish fanlari;
- Veterinariya va chorvachilik fanlari;
- Yer toʻgʻrisidagi fanlar;
- Axborotlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish fanlari;
- Matematika, fizika va mexanika fanlari;
- Texnika fanlari;
- Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari.
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2026-yil 13-avgustdan 21-sentabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
1. Loyiha ilmiy jamoasining oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim. Ilmiy jamoada yosh olimlar va iqtidorli talabalar (shu jumladan, magistratura talabalari) ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
2. Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
3. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
4. Hammoliyalashtiruvchi tashkilot tomonidan umumiy loyiha qiymatining 30 foizdan kam bo‘lmagan mablag‘ ajratilishi kerak.
Izoh: Ijrochi tashkilot hamda hammoliyalashtiruvchi bir tashkilot bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, ajratiladigan mablag‘ loyiha talabnomasining 5-shaklga kiritiladi.
6. Hammoliyalashtiruchi tomonidan kafolat xati olinishi hamda kafolat xatida tashkilot tomonidan ajratiladigan mablag‘ ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
7. Taqdim etilgan loyihalar quyidagilar boʻyicha dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkaziladi:
- tanlov talablariga qatʼiy rioya qilinganligi;
- loyiha materiallarining ishonchliligi va haqqoniyligi;
- koʻchirmachilikka (plagiatga) yoʻl qoʻyilmaganligi;
- talablar asosida shakllantirilganligi;
- loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natijalar (yangi ishlanma, texnologiya) hamda ilmiy yoʻnalishning tadqiqot dizayniga muvofiq toʻliq asoslanganligi;
- soʻralgan mablagʻlarning tanlov shartlarida keltirilgan moliyalashtirish hajmiga muvofiq toʻgʻri hisob-kitob qilinganligi.
8. Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tijoratlashtirish darajasi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
9. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
10. Tanlovga bajarilishi bir yil davrga moʻljallangan amaliy tadqiqot loyihalari qabul qilinadi. Bajarilishi bir yildan ortiq muddatlarga moʻljallangan amaliy tadqiqotlar loyihalari dastlabki texnik ekspertizadan oʻtkazilmaydi va koʻrib chiqilmaydi.
11. Bajarilishi bir yil bo‘lgan amaliy tadqiqotlar – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 000 barobarigacha bo‘lgan loyihalar tanlovga qabul qilinadi.
Izoh: Hammoliyalashtiruvchi tomonidan ajratiladigan mablag‘ bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 000 barobarigacha ichida hisoblanadi;
10. Tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini (5-shakl) hisoblashda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ushbu havolaga joylashtirilgan hisob-kitob shaklidan foydalanish tavsiya etiladi: https://loyiha.ilmiy.uz/site/example-docs.
Izoh: Loyiha doirasida avtotransport vositalarini xarid qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Loyiha boʻyicha xarajatlar Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq rejalashtirilishi va loyihaning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) baravarida koʻrsatilishi shart.
12. Tanlov doirasida eng yuqori ball olgan 100 ta loyiha moliyalashtiriladi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining yagona identifikatsiya tizimi (id.egov.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan ilmiy loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (247, 413, 211, 219 va 425).
