“Oʻzbekiston-Belarus” xalqaro qoʻshma tanlovi
18:15 14.08.2026

Muddat: 20.09.2026
fundamentalBelarus Respublikasi fundamental tadqiqotlar jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, 2021-yil 15-martda tuzilgan Anglashuv memorandumiga muvofiq, Belarus Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi olimlari tomonidan ikkala tomon uchun ham dolzarb bo‘lgan matematika, fizika va mexanika fanlari, filologiya va ijtimoiy fanlari, texnika fanlari, biologiya va biotexnologiya fanlari, tibbiyot, pedagogika va psixologiya, yer toʻgʻrisidagi, kimyo, iqtisodiyot hamda qishloq xo‘jaligi fanlari yoʻnalishlarida ilmiy yechimga qaratilgan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan tashabbuskor fundamental tadqiqot loyihalari tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Mazkur tanlov ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablarga muvofiq oʻtkaziladi hamda quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
|
Т/r. |
Belarus tomonidan hamkor tashkilot loyihalarining fan yo‘nalishlari |
O‘zbekiston tomonidan qabul qilinadigan loyihalarning fan yo‘nalishlari |
|
Fundamental tadqiqotlar (bajarilishi 2-yilgacha bo‘lgan) |
||
|
1. |
Fizika, matematika va informatika |
Matematika, fizika va mexanika fanlari |
|
2. |
Texnik fanlar |
Texnika fanlari |
|
3. |
Kimyo va yer haqidagi fanlar |
Yer toʻgʻrisidagi fanlari |
|
Kimyo fanlari |
||
|
4. |
Tibbiyot va farmatsevtika fanlari |
Tibbiyot fanlari |
|
5. |
Qishloq xo‘jaligi va biologiya fanlari |
Qishloq xo‘jaligi |
|
6. |
Biologiya va biotexnologiya |
Biologiya va biotexnologiya |
|
7. |
Ijtimoiy va gumanitar fanlar |
Iqtisodiyot fanlari |
|
Filologiya va ijtimoiy fanlar |
||
|
Pedagogika va psixologiya fanlari |
||
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (www.loyiha.ilmiy.uz) orqali 2026-yilning 20-sentabrga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov shartlari.
- Loyihani amalga oshirish boʻyicha ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi 45 yoshdan oshmasligi lozim. Ilmiy jamoada yosh olimlar va iqtidorli talabalar (shu jumladan, magistratura talabalari) ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
- Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin. Ilmiy faoliyat asosiy faoliyat turiga kirmaydigan tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovdan chetlashtiriladi.
- Loyiha hamrahbari sifatida xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan va loyiha mavzusi yoʻnalishida muhim natijalarga erishgan, “Scopus” va “Web of Science” xalqaro ilmiy maʼlumotlar bazalarida “Hirsh” indeksi 5 va undan yuqori boʻlgan yetakchi olimlar jalb qilinadi.
- Xorijiy hamkorining loyiha talabnomasini yuklash lozim.
- Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin. Bir vaqtning oʻzida bir turdagi ikkita loyihaga rahbar boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi va ushbu holatga olib kelishi mumkin boʻlgan loyihalar qabul qilinmaydi.
- Ilmiy loyiha Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali elektron platformaga yuklanishi lozim.
- Taqdim etilgan loyiha mavzusi 3 ta tilda yozilishi lozim(O‘z, Ru va Eng).
- Taqdim etilgan loyihalardagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi hamda tanlov gʻoliblari tomonidan ilmiy-texnik loyihalarning natijadorligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ilmiy loyiha rahbarlari, ilmiy loyihani bajaruvchi tashkilot rahbarlari va tegishli yuqori turuvchi tashkilotlarning masʼul xodimlari javobgar hisoblanadilar.
- Taqdim etilgan loyihada keltirilgan ilmiy yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida ijrochi tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
- Tanlovga taqdim etiladigan loyihaning umumiy moliyalashtirish hajmi va bajarish muddatlari, eʼlon qilinadigan loyiha mavzusining matniga muvofiq boʻlishi shart.
- Tanlovda belgilangan yoʻnalishlarda bajarilishi 2 (ikki) yilga moʻljallangan fundamental tadqiqotlarning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 6 000 barobaridan oshmagan holda mablagʻ ajratiladi.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar loyiha rahbarining ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tizimida (id.ilmiy.uz) roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshiriladi va ijrochi tashkilot masʼul rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (247, 413, 425, 246)
