Ilmiy tadqiqotlar natijasida yaratilgan ishlanmalar asosida yangi texnologiyalar
11:25 21.05.2026

Muddat: 21.07.2026
AmaliyInnovatsion rivojlanish agentligi tomonidan olimlar va tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat ilmiy dasturlari doirasida bajarilgan fundamental, amaliy va innovatsion loyihalar natijasida yaratilgan ishlanmalar boʻyicha
tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlarni Ilm-fanni moliyalashtirish
va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining mablagʻlari hisobidan qoplab berish maqsadida tijoratlashtirishga tayyorlash loyihalari tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Mazkur tanlov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil
4-apreldagi “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha
chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-54-son Farmoniga asosan eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar Ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash va tijoratlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish axborot tizimi (tijorat.ilmiy.uz) (keyingi oʻrinlarda – elektron platforma) orqali 2026-yil
21-maydan 2026-yil 21-iyul soat 23:55 ga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
1. Tanlovga fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar natijalariga asoslangan loyiha talabnomalari qabul qilinadi.
2. Loyiha yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash uchun olimlar
va tadbirkorlik subyektlari tomonidan tajriba-sinov ishlarini oʻtkazish va ishlab chiqarishga qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
3. Loyiha hujjatlarining xarajatlar smetasida loyiha doirasida oʻtkaziladigan tajriba-sinov ishlari uchun ketadigan xarajatlar alohida pozitsiya bilan koʻrsatiladi.
4. Tanlovga kelib tushgan loyihalarning Ilmiy ekspertlar tomonidan yakuniy baholash natijalariga koʻra ijobiy baholanganlari elektron platforma orqali Tanlov komissiyasiga oʻtkaziladi.
5. Tanlov komissiyasining yigʻilishida loyiha rahbari (yoki uning ishtirokida loyiha ijrochilaridan biri) loyihasini taqdimot orqali ochiq muhokamada himoya qiladi.
6. Tanlov komissiyasi taqdimot natijalariga koʻra har bir loyiha boʻyicha ovoz berish yoʻli bilan uni moliyalashtirishga tavsiya etish yoki rad etish yuzasidan tegishli qaror qabul qiladi.
7. Tanlovda loyihani moliyalashtirishga xususiy sektor tomonidan mablagʻlar (shu jumladan, tashabbuskorning oʻz mablagʻini) ajratilishi talab etiladi.
Xususiy sektor mablagʻlari (tashabbuskorlarning oʻz mablagʻlari) loyiha qiymatining 50 foizdan koʻp boʻlganda ustuvorlik beriladi.
Tadbirkorlik subyekti hamda olim oʻrtasida erishilgan kelishuvni tasdiqlovchi hujjatning elektron nusxasi loyiha talabnomasi bilan birga elektron platformaga yuklanadi.
Loyihani Agentlik tomonidan moliyalashtirish loyihaga xususiy sektor mablagʻlari (tashabbuskorlarning oʻz mablagʻlari) yoʻnaltirilgandan soʻng amalga oshiriladi.
8. Loyiha talabnomasida (shu jumladan xarajatlar smetasida) loyiha doirasida bajariladigan tajriba sinov ishlari va tijoratlashtirishga tayyorlash bilan bogʻliq (biznes-rejani ishlab chiqish, litsenziya kelishuvini tuzish, ishlanmaning qiymatini baholash va h.k) xarajatlar batafsil koʻrsatiladi.
9. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi, amalda ilmiy tadqiqot loyihasi toʻliq yakunlangan boʼlishi talab etiladi.
10. Loyiha talabnomasini elektron platforma orqali roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagi hujjatlarning elektron nusxalari (pdf/doc) platformaga yuklanadi:
- ijrochi tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan yoʻllanma xat (pdf);
- loyiha talabnomasining matni (imzo va muhr qoʻyilgan holda pdf shakli) va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli.
Loyihaga xususiy sektor mablagʻini (shu jumladan, tashabbuskorning oʻz mablagʻini) ajratilishi boʻyicha moliyalashtiruvchi tomon bilan erishilgan kelishuvning tasdiqlangan elektron nusxasi platformaga yuklanadi.
11. Taqdim etilgan loyihada keltirilgan yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tadqiqot bajarilgan tashkilot vakolatli tuzilmasining (xizmatining) xulosasi loyihaga ilova qilinishi lozim.
Izoh: Ijrochi tashkilot loyihada keltirilgan yangilik, nou-xau va gʻoyalarni ekspertiza jarayonlarida ochiq muhokamaga qoʻyilganligi haqida vakolatli tuzilmaning (xizmatning) xulosasi taqdim etilmagan taqdirda, loyiha talabnomasi tanlovdan chetlashtiriladi.
12. Loyihalar belgilangan shaklda va loyiha qiymatidan kelib chiqib shakllantirilishi lozim.
13. Loyihaning Agentlik tomonidan moliyalashtiriladigan qismi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) quyidagi miqdorlardan oshmaydi:
bir yillik loyihalar boʻyicha – 2 500 barobarigacha
ikki yillik loyihalar boʻyicha – 3 500 barobarigacha.
14. Loyihani bajarish bilan bogʻliq xarajatlar loyiha qiymati doirasida hisoblanadi, bunda:
loyihaning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) baravarida koʻrsatiladi;
tanlovga taqdim etiladigan loyihani amalga oshirish uchun soʻralayotgan umumiy moliyalashtirish hajmini hisoblashda havola qilinayotgan shakldan foydalanish tavsiya etiladi;
loyiha doirasida to‘ldirilgan ma’lumotlar xaqqoniyligiga loyiha rahbari va ijrochi tashkilot javobgar hisoblanishadi.
Eslatma:
Loyihani amalga oshirish boʻyicha intellektual mulk huquqi bilan bogʻliq masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda muhofaza hujjatlariga asosan rasmiylashtirilishi lozim.
loyiha doirasida ajratilgan mablagʻ hisobidan transport vositalarini (maxsus transport vositalari bundan mustasno), yumshoq mebellar va aksessuarlarni, uyali telefonlarni xarid qilishga, bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish
va kapital taʼmirlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Ishlanmalarni tijoratlashtirishga tayyorlash va tijoratlashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish axborot tizimi (tijorat.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan loyihalar loyiha rahbarining id.ilmiy.uz yagona identifikatsiya tizimi orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan loyihalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (318, 520).
