“Co-funding-2026” amaliy tadqiqot loyihalari tanlovi
09:00 08.05.2026

Muddat: 08.06.2026
AmaliyOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-21-son Farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan “Navoiyuran” davlat korxonasi va Surxondaryo viloyatida mavjud ilmiy yechim talab qiladigan muammolar yuzasidan ulushli moliyalashtirish asosida ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish uchun Ilmiy faoliyatga oid davlat maqsadli dasturlari doirasida bajariladigan amaliy tadqiqotlar tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorda belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
- Qishloq xoʻjaligi fanlari
- Texnika fanlari
- Yer toʻgʻrisidagi fanlar
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2026-yil 8-maydan 2026-yil 8-iyun soat 23:55 ga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
1. Tanlovda ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin.
2. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
3. Amaliy tadqiqot loyihalari boʻyicha ijrochi tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi majlisining bayonidan koʻchirmada va bajarilishi rejalashtirilgan ilmiy loyiha yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natija (yakuniy mahsulot, yangi ishlanma, texnologiya) qayd etilishi (asoslab berilishi) lozim.
4. Tanlovga bajarish muddatlari 3 yilgacha boʻlgan loyihalar qabul qilinadi.
5. Loyihani amalga oshirish boʻyicha ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi, qoida tariqasida 45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
6. Eʼlon qilingan mavzularga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar tegishli vazirlik va idoralarning qoʻllab-quvvatlash xati mavjud boʻlganida qabul qilinadi.
7. Ilmiy loyiha maʼlumotlari Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali davlat tilida (lotin alifbosiga asoslangan oʻzbek yozuvida) kiritiladi va ijrochi tashkilotning masʼul rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar yakunida axborot tizimini ishlab chiqish, kompleks foydalanishga asoslangan dasturiy mahsulotlar, veb platformalar, mobil ilovalar yaratishga qaratilgan boʻlsa quyidagilar talab qilinadi:
yaratiladigan dasturiy mahsulot uchun Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va EHM uchun yaratilgan dastur guvohnomasini olish vazifasi loyiha talabnomasida aks etishi;
dasturiy mahsulotning loyiha yakunlangandan soʻng, uzluksiz ishlashi va zarur hollarda maʼlumotlarni yangilab borish;
loyiha talabnomasida kamida uch yillik “hosting” va “domen” (mobil ilova boʻlsa, mobil ilovalar doʻkoniga joylashtirish) xarajatlarini “loyihaning boshqa shu kabi xarajatlar” bandiga kiritish.
Eslatma: Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari faqat ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi (ScienceID) identifikatsiyasiga ega foydalanuvchilar tomonidan davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali qabul qilinadi. “ScienceID” dan roʻyxatdan oʻtish id.ilmiy.uz tizimi orqali amalga oshiriladi. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan, ijrochi tashkilot rahbarining masʼul oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanmagan loyiha talabnomalari tanlovga qabul qilinmaydi.
Ilmiy loyihalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (211, 219, 413, 425, 246).
Manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda ulushli asosda moliyalashtiriladigan amaliy tadqiqot loyihalari uchun mavzular
ROʻYXATI
1. “Qishloq xoʻjaligi” fanlari yoʻnalishi boʻyicha:
1.1. Tuproq unumdorligini aniqlash uchun “Tuproq mobil klinikasi” xizmatini tashkil etish.
2. “Texnika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha:
2.1. Surxondaryo sharoitida jun tolasini qayta ishlash orqali yangi turdagi mahsulot olish texnologiyasi;
3. “Texnika fanlari” yoʻnalishi boʻyicha:
3.1. Yer ostida tanlab eritish usuli bilan uran qazib olishda hosil boʻladigan mahsuldor eritmalardagi vodorod sulfidni faolsizlantirishning samarali usulini ishlab chiqish.
