“Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi” respublika tanlovi
11:00 11.04.2026

Muddat: 11.05.2026
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan Oliy taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari va talabalari oʻrtasida har bir yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladigan “Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi” respublika tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Mazkur tanlovga arizalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 19-yanvardagi 14-son buyrugʻi 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari va talabalari uchun har yili oʻtkaziladigan “Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etiladigan arizalar 2026-yil 11-mayga qadar qabul qilinadi.
Arizani rasmiylashtirish shakli bilan tanishish uchun bu yerni bosing.
1. Tanlovda davlat oliy taʼlim tashkilotlarida faoliyat koʼrsatayotgan professor-oʻqituvchilar va talabalar qatnashish huquqiga ega.
2. Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan talabgorlar quyidagi ustuvor yoʼnalishlarda ariza topshiradi:
sunʼiy intellekt, dasturlash va axborot texnologiyalari;
muhandislik, ishlab chiqarish va ishlov berish sohalari;
aniq va tabiiy fanlarga mansub taʼlim yoʻnalishlari;
ekologiya va atrof-muhit muhofazasi;
veterinariya va qishloq xoʻjaligi (shu jumladan, baliqchilik va oʻrmonchilik);
sogʻliqni saqlash, tibbiyot va mehnat muhofazasi;
arxitektura va qurilish;
transport va logistika xizmatlari.
3. Tanlovda ishtirok etish istagida boʻlgan talabgorlar quyidagi talablarga javob berishi lozim:
Davlat oliy taʼlim tashkilotlarida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchi yoki talaba boʻlishi;
aniq bir ixtiroga yoki foydali modelga ega boʻlishi.
4. Ilgari oʻtkazilgan mazkur tanlovlarda ishtirok etganlar aynan shu loyihalari bilan tanlovda ishtirok etmaydi.
5. Tanlov uch bosqichda oʻtkaziladi:
1-saralash bosqichi – oliy taʼlim tashkilotlari miqyosida talabgorlar orasidan ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha eng yaxshi ixtirochilar saralanadi;
2-hududiy bosqich – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar miqyosida hududlarda faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalarida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib boʻlgan talabgorlar oʻrtasida;
3-respublika bosqichi – respublika miqyosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida gʻolib boʻlgan talabgorlar oʻrtasida.
6. Saralash tanlov komissiyasi kelib tushgan arizalarni qabul qilish soʻngi sanasidan boshlab bir oy muddatda ichki tanlovni oʻtkazadi.
7. Ichki tanlov yakunlari asosida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha gʻolib deb topilgan bir nafardan talabgorlar hududiy bosqichga tavsiya etiladi.
8. Saralash bosqichi natijalari eʼlon qilingan kundan boshlab bir kun muddatda gʻolib boʻlgan talabgorlar arizalarni elektron platforma (ixtiro.ilmiy.uz) (keyingi oʻrinlarda — Platforma) orqali hududiy bosqichga yuboradi.
9. Tashkilotchilar va homiylik qiluvchi tashkilotlar xodimlarining hamda Komissiya aʼzolarining yaqin qarindoshlari Tanlovda ishtirok etish huquqiga ega emas (ular oʻzini oʻzi rad qilgan holatlar bundan mustasno).
10. Tanlov natijalari boʻyicha gʻoliblar Platformada Respublika komissiyasi aʼzolarining baholash natijalari orqali aniqlanadi.
11. Tanlovga taqdim qilingan ixtirolar baholash quyidagi mezonlar boʻyicha amalga oshiriladi:
- energiya va resurslarni tejash, zamonaviy texnologiyalar va yangi materiallar yaratish hamda ulardan foydalanish;
- ekologiyaga mosligi (atrof muhitni himoyalash boʻyicha muammolarni hal qilish);
- ijtimoiy ahamiyati (mehnat sharoitlarini yaxshilash, insonlar uchun qulaylik yaratish);
- obyektni ishlab chiqilish darajasi (foydalanishga tayyorligi: sinov- sanoat yoki dastlabki namuna, laboratoriya maket namunasi mavjudligi);
- eksportga moʻljallanganligi;
- importning oʻrnini bosishi.
- ixtiro yoki foydali modelga patent olinganligi.
12. Hududiy bosqichdan boshlab arizalar Platforma orqali roʻyxatdan oʻtkazish jarayonida quyidagi hujjatlarning elektron nusxalari (pdf/doc) Platformaga yuklanadi:
- tegishli shakldagi ariza (pdf);
- Saralash bosqichida ishtirok etganligini tasdiqlovchi maʼlumot yoki rasm (pdf yoki jpg);
- ixtiro, foydali model asosidagi ishlanma fotosurati yoki sxemasi (jpg/jpeg).
- ixtiro, foydali model tavsifi matni (imzo qoʻyilgan holda, pdf va uning matn redaktori dasturidagi (doc/docx) shakli);
- taklif tashkilotda/jamoaviy yaratilgan boʻlsa, taklifning tanlovda ishtiroki boʻyicha hammualliflarining rozilik xati (pdf) (mavjud boʻlsa);
- patent guvohnomasi nusxasi (pdf) (mavjud boʻlsa);
- taklif joriy etilgan boʻlsa, litsenzion kelishuv yoki shartnoma nusxasi (pdf) (mavjud boʻlsa).
13. Ixtiro, foydali model yoki ratsionalizatorlik taklifi maʼlumotlari Platformada tegishli boʻlimlarga kiritilishi lozim.
Izoh: Platformaning (ixtiro.ilmiy.uz) majburiy (*) belgisidagi boʻlimlariga maʼlumotlar kiritilmagan taqdirda, ariza tanlovga qabul qilinmaydi.
Eslatma:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 19-yanvardagi 14-son buyrugʻi 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilari va talabalari uchun har yili oʻtkaziladigan “Eng yaxshi oliy taʼlim ixtirochisi” respublika tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” talablariga muvofiq:
arizalar belgilangan talablarga muvofiq texnik ekspertizadan oʻtkaziladi;
Tanlovga taqdim etilgan arizalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Platformadagi shaxsiy kabinetlarida koʻrsatiladigan interaktiv xizmati orqali taqdim etib boriladi.
Tanlovga taqdim etiladigan arizalar ishtirokchining Ilmiy-innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni identifikatsiya tizimi (id.ilmiy.uz) orqali roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshirilishi shart. Taklifning muallifi boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan arizalar tanlovga qabul qilinmaydi.
Arizalarni shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimi: +99871 203-32-23 (244).
