“Oʻzbekiston-Ozarbayjon” xalqaro qoʻshma tanlovi
19:05 12.12.2025

Muddat: 12.02.2026
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalar boʻyicha “Oʻzbekiston-Ozarbayjon” xalqaro qoʻshma tanlovi
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajariladigan ilmiy loyihalarni qabul qilish uchun Ozarbayjon Respublikasining Fan va oliy taʼlim boʻyicha davlat agentligi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston-Ozarbayjon” xalqaro qoʻshma tanlovi eʼlon qilinmoqda.
Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorda belgilangan talablarga muvofiq quyidagi fan yoʻnalishlari boʻyicha eʼlon qilinadi:
1. Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi
2. Texnika fanlari
3. Arxitektura, qurilish, dizayn va shaharsozlik fanlari
4. Farmakologiya va farmatsevtika fanlari
5. Kimyo fanlari, kimyoviy texnologiya va nanotexnologiyalar
Loyiha taqdim qilinganda loyiha rahbari oʻz loyihasi tadqiqot yoʻnalishidan kelib chiqib vazirlik huzuridagi Ilmiy-texnik kengash yoʻnalishini tanlashi va shu yoʻnalish boʻyicha taqdim qilishi lozim.
Tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ilmiy jamoa Ozarbayjon tomonidan loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkor topishlari va ikki tomonda eʼlon qilingan tanlov shartlari boʻyicha bir xil mavzuga mos loyihalarni taqdim qilishlari lozim. Tanlovning barcha bosqichlarida ikki tomondan ham ijobiy natijaga ega loyihalargina keyingi bosqichga oʻtkaziladi.
Tanlovga taqdim etiladigan ilmiy loyihalar davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali 2025-yil 12-dekabrdan 2026-yil 10-fevralga qadar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Tanlov shartlari.
1. Tanlovda amaliy-tadqiqotlar oʻtkazish uchun imkoniyati va salohiyati mavjud ilmiy faoliyat subyektlari ishtirok etishi mumkin.
2. Loyiha rahbari tomonidan tanlovga faqat bitta loyiha taqdim etilishi mumkin.
3. Amaliy tadqiqot loyihalari boʻyicha ijrochi tashkilot Ilmiy (ilmiy-texnik) kengashi majlisining bayonidan koʻchirmada va bajarilishi rejalashtirilgan amaliy tadqiqot loyihasi yakunida qoʻlga kiritiladigan muhim ilmiy natija (yakuniy mahsulot, yangi ishlanma, texnologiya) qayd etilishi (asoslab berilishi) lozim.
4. Tanlovga bajarish muddatlari 3 yilgacha boʻlgan loyihalar qabul qilinadi.
5. Loyihani amalga oshirish boʻyicha ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi (oʻzbek tomoni uchun), qoida tariqasida 45 yoshdan oshmasligi kerak. (Ilmiy jamoaning oʻrtacha yoshi barcha ijrochilarning yoshini oʻrtacha arifmetik qiymati sifatida hisoblanadi).
6. Ozarbayjon Respublikasidagi hamijrochi tashkilot va loyiha talabnomasi toʻgʻrisida maʼlumot sifatida ilova qilinishi lozim.
7. Loyiha talabnomasi maʼlumotlari Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasi (loyiha.ilmiy.uz) orqali kiritiladi va ijrochi tashkilotning masʼul rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
8. Amaliy tadqiqot loyihasini bajarish davri boʻyicha loyiha qiymati quyidagi miqdorlardan oshmasligi lozim:
bajarilishi bir yil boʻlgan amaliy tadqiqot loyihasi – bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 3 000 barobarigacha;
bajarilishi ikki yil boʻlgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHMning 5 000 barobarigacha;
bajarilishi uch yil boʻlgan amaliy tadqiqot loyihasi – BHMning 7 500 barobarigacha.
9. Tanlovga taqdim etiladigan amaliy tadqiqot loyihalari yakunida axborot tizimini ishlab chiqish, kompleks foydalanishga asoslangan dasturiy mahsulotlar, veb platformalar, mobil ilovalar yaratishga qaratilgan boʻlsa quyidagilar talab qilinadi:
yaratiladigan dasturiy mahsulot uchun Adliya vazirligining intellektual mulk departamenti tomonidan oʻrnatilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazish va EHM uchun yaratilgan dastur guvohnomasini olish vazifasi loyiha talabnomasida aks etishi;
dasturiy mahsulotning loyiha yakunlangandan soʻng, uzluksiz ishlashi va zarur hollarda maʼlumotlarni yangilab borish;
loyiha talabnomasida kamida 3 (uch) yillik “hosting” va “domen” (mobil ilova boʻlsa, mobil ilovalar doʻkoniga joylashtirish) xarajatlarini 5.4-shakldagi “loyihaning boshqa shu kabi xarajatlar” bandiga kiritish.
Eslatma:
1. Tanlovga taqdim etilgan loyihalarning har bir bosqichda koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar loyiha rahbarlarining Davlat ilmiy dasturlarining yagona intellektual elektron platformasidagi (loyiha.ilmiy.uz) shaxsiy kabinetlarida taqdim etib boriladi.
2. Tanlovga kelib tushgan loyihalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 9-martdagi 133-son qarorida belgilangan talablarga muvofiq ekspertizadan oʻtkaziladi.
3. Tanlovga taqdim etiladigan loyiha talabnomalari loyiha rahbarining ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarni identifikatsiya qilish tizimida (id.ilmiy.uz) roʻyxatdan oʻtgan shaxsiy kabineti orqali topshiriladi. Loyihaning ijrochilari yoki loyiha rahbari boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan, ijrochi tashkilot rahbarining masʼul oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanmagan loyiha talabnomalari tanlovga qabul qilinmaydi.
Loyiha talabnomalarini shakllantirish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha Innovatsion rivojlanish agentligi masʼul xodimlari: +99871 203-32-23 (219, 425, 246).
