“Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida “Yoshlarning ekologiya yoʻnalishidagi innovatsion loyihalarini ragʻbatlantirish maqsadida startap loyihalar tanlovi”
10:35 09.12.2025

Muddat: 25.12.2025
Tanlovning asosiy maqsadi:
Oʻzbekiston Respublikasidagi iqtidorli va isteʼdodli yoshlarning innovatsion faoliyati natijalari va tashabbuslarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, yoshlarning ekologiya yoʻnalishidagi innovatsion loyihalarini ragʻbatlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha ijodiy, innovatsion yechimlarni ishlab chiqishdan iborat.
Mazkur tanlov Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 222-son qarorining 2-ilovasi belgilangan “Startap loyihalarni shakllantirish va ularni koʻrib chiqib, tanlab olish tartibi”ga muvofiq oʻtkaziladi.
Tanlov ishtirokchilariga qoʻyiladigan talablar:
-Tanlov ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlishi kerak;
-Tanlov ishtirokchilari yoshi, ilmiy darajasi, unvoni, mansabi va ish joyidan qatʼiy nazar 40 yoshdan oshmasligi lozim;
-1 nafar ishtirokchi 1 ta loyiha bilan ishtirok etishi lozim.
Tanlovga topshiriladigan startap loyihalarga qoʻyiladigan talablar:
-Startap loyiha faqatgina ekologiya sohasiga tegishli boʻlishi;
-Startap loyiha anʼanaviy biznes turlaridan ilmiy yangiligi yoki innovatsion elementiga asosan farqli boʻlishi;
-Startap loyihaning jamiyat va iqtisodiyotdagi maʼlum bir muammoning yechimiga qaratilgan boʻlishi;
-Startap loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻlar aniq koʻrsatilishi va asoslantirilishi;
-Startap loyihaning aniq amalga oshirish mexanizmlari, muddati va dastlabki natijalari koʻrsatilgan boʻlishi;
-Startap loyihani amalga oshirishga soʻralgan mablagʻ miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3000 barobarigacha boʻlishi;
-Taqdim etilgan startap loyihalar tanlov talablariga qatʼiy rioya qilingan, startap loyiha materiallari ishonchli va haqqoniy, koʻchirmachilikka (plagiat) yoʻl qoʻyilmagan, belgilangan talablar asosida shakllantirilgan boʻlishi;
-Startap loyihalarni amalga oshirishning eng koʻp muddati 12 oydan oshmasligi;
-Taqdim etilgan startap loyihaning maʼlumotlari haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga startap loyiha mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar yuborish:
Tanlov doirasida arizalar 2025-yilning 9-dekabr kunidan 25-dekabr kuni soat 23:59 ga qadar (25-dekabr kuni ham qabul qilinadi) qabul qilinadi.
Tanlovga taqdim etiladigan arizalar belgilangan hujjat shakllari asosida toʻldirilib, elektron shaklda “startup.ilmiy.uz” platformasi orqali topshirilishi lozim.
Taqdim etilgan hujjatlar “Boʻlajak olim” tanlovi talablariga mos ravishda toʻliq taqdim etilganligi va rasmiylashtirilganligini, maʼlumotlarning haqqoniyligi va ishonchliligi, tanlov dasturlari vazifalarida belgilangan, kutilayotgan natijalarni toʻla va oʻz vaqtida sifatli bajarilishiga ariza mualliflari shaxsan javobgar hisoblanadi
