O‘zini o‘zi baholash tartibi to‘g‘risidagi ma’lumot
Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilgan ishlar
samaradorligi va natijadorligini 2025-yil yakunlari bo‘yicha o‘zini o‘zi baholash hisoboti
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilikka axborot taqdim etish hamda davlat boshqaruvida zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tasarrufidagi tarkibiy tarmoqlar, muassasa, korxona va tashkilotlar hamda quyi organlar tomonidan axborot ochiqligini ta’minlash, jamoatchilikni tizimli ravishda xabardor qilib borish va sohada amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida ochiq ma’lumotlar taqdim etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
2025-yil yakunlari bo‘yicha mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar samaradorligini tahlil qilish, ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha erishilgan natijalarni baholash hamda kelgusi davr uchun ustuvor vazifalarni belgilash maqsadida vazirlik tizimida o‘zini o‘zi baholash ishlari amalga oshirildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda raqamli infratuzilmani jadal rivojlantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. 2025-yil davomida aholi va tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish, yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini kengaytirish va raqamli iqtisodiyot uchun mustahkam infratuzilma yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Xalqaro internet tarmoqlariga ulanish imkoniyatlarini kengaytirish natijasida mamlakatning umumiy internet o‘tkazuvchanlik quvvati 4 400 Gbit/sga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich 2020-yildagi 1 200 Gbit/sga nisbatan 3,6 barobar o‘sganini ko‘rsatadi.
Respublika bo‘ylab magistral telekommunikatsiya tarmoqlari ham kengaytirildi. Xususan, viloyatlararo tarmoqlar o‘tkazuvchanlik quvvati 600 Gbit/s, tumanlararo tarmoqlar esa 60 Gbit/sga yetkazildi.
Keng polosali internet xizmatlarini rivojlantirish maqsadida 2025-yil yakuniga qadar 53,5 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurildi. Natijada respublika bo‘yicha optik tolali tarmoqlarning umumiy uzunligi 346,6 ming kmga yetdi.
Shu bilan birga, internet xizmatlari uchun o‘rnatilgan portlar soni 2,9 mln tadan 6,3 mln taga yetkazildi.
Mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bugungi kunda aholi yashash maskanlarining 99,5 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingan.
2020 yilda respublika bo‘yicha 31 740 ta tayanch stansiya mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yilga kelib ularning soni 98 700 taga yetkazildi.
Shuningdek, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘llarining 96,2 foizi mobil aloqa bilan ta’minlandi.
Ijtimoiy obyektlarni internet bilan ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib, maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash muassasalari, mahalla fuqarolar yig‘inlari va ichki ishlar organlari tayanch punktlari 100 foiz yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlandi.
2025-yilda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, IT xizmatlar eksportini kengaytirish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi.
Yil yakunlariga ko‘ra IT xizmatlar eksporti hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi. Xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar soni 1 354 taga yetdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston IT xizmatlarini 90 dan ortiq davlatga eksport qilmoqda.
Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasiga 2 milliard dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.
Startaplar ekotizimi ham jadal rivojlanib, ularning soni 10 barobarga oshdi va mazkur sohadagi loyihalarga 300 million dollardan ortiq investitsiyalar kiritildi.
O‘zbekiston xalqaro IT kompaniyalari uchun jozibador bozorga aylanib bormoqda. Masalan, EPAM Systems kompaniyasi mamlakatimizda xodimlar sonini 600 nafardan oshirdi.
Shuningdek, xalqaro IT kompaniyalar tomonidan mamlakatimizda data-markazlar qurish loyihalari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Saudiya Arabistonining Data Volt kompaniyasi tomonidan 3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlash maqsadida mamlakatimizda keng ko‘lamli ta’lim dasturlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Bir million o‘zbek dasturchi” loyihasi doirasida 1 milliondan ortiq yoshlar IT kurslarida tahsil oldi.
Loyiha orqali IT sohasini egallagan 20 mingdan ortiq yoshlar bugungi kunda o‘rtacha 6 million so‘m daromad topmoqda.
2025 yilda mazkur tashabbus yangi bosqichga ko‘tarilib, “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi ishga tushirildi.
Maktab bosqichida raqamli ta’limni rivojlantirish maqsadida “IT-shaharcha” va “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “IT-iste’dod” dasturi doirasida 2025 yilda 2 400 nafar yosh xalqaro IT sertifikatlari uchun kompensatsiya oldi.
2025 yilga kelib IT yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari soni 145 taga, talabalar soni esa 120 ming nafarga yetdi.
Amalga oshirilgan islohotlar xalqaro reytinglarda ham o‘z aksini topmoqda.
Xalqaro Elektraaloqa Ittifoqining AKTni tartibga solish trekkerida O‘zbekiston G2 darajasidan G3 darajasiga ko‘tarildi.
Speedtest.net ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston simli internet tezligi bo‘yicha 112-o‘rindan 77-o‘ringa, mobil internet tezligi bo‘yicha esa 133-o‘rindan 71-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zini o‘zi baholash jarayonida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha kamchiliklar ham aniqlandi.
Xususan:
ayrim tashkilotlar veb-saytlarida ma’lumotlarni muntazam yangilab borish masalalarida kamchiliklar mavjud;
ochiq ma’lumotlarni joylashtirish va ularni tizimli ravishda yangilash ishlarini yanada takomillashtirish talab etiladi;
ayrim holatlarda jamoatchilikka axborot taqdim etish tezkorligini oshirish zarur.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi:
vazirlik tizimida axborot ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ichki monitoring mexanizmlarini kuchaytirish;
rasmiy veb-saytlar va ochiq ma’lumotlar portallarida ma’lumotlarni muntazam yangilab borish;
jamoatchilik bilan muloqot mexanizmlarini yanada takomillashtirish;
axborotlarni tezkor va shaffof tarzda jamoatchilikka yetkazish.
2025 yil yakunlari bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, raqamli infratuzilmani rivojlantirish, IT industriyani qo‘llab-quvvatlash va raqamli ta’limni kengaytirish sohasida salmoqli natijalarga erishildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilikni axborot bilan ta’minlash bo‘yicha yangi bosqichga chiqildi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi kelgusida ham raqamli transformatsiyani jadallashtirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda mamlakatni global raqamli iqtisodiyotda munosib o‘ringa olib chiqish yo‘lida o‘z faoliyatini izchil davom ettiradi.
