Viloyat hokimi, mahallani qoʻllab-quvvatlash viloyat kengashi raisi Botir Zaripov viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan uchrashdi. Samimiy muloqot “Mahmud Torobiy” spektakli tomoshasiga ulandi
2025-11-04 20:00:00 / Yangiliklar

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uygʻun boʻlib yashashga oʻrgatib, bagʻrikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat oʻrtasidagi ishonchli koʻprik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz.
Ayni paytda yurtimizda yashayotgan har bir inson, millati, tili va dinidan qatʼi nazar, oʻz hayotini, quvonch-u tashvishlarini mahalladan ayri holda tasavvur eta olmaydi.
Oʻz navbatida mahalla raisi ham hududidagi har bir oila, har bir xonadon aʼzosini oʻz farzandi, yaqin qarindoshi sifatida koʻradi.
Bugun viloyat hokimi, mahallani qoʻllab-quvvatlash viloyat kengashi raisi Botir Zaripovning viloyatdagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida ayni shu jihatlar alohida tilga olindi.
Botir Zaripov mahalla raislarining mahalla obodligini taʼminlashda aholining faol ishtiroki va masʼuliyatini oshirish, hududni koʻkalamzorlashtirish, milliy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalarni targʻib qilish, sogʻlom ijtimoiy-maʼnaviy muhitni saqlash, toʻy-marosimlarni isrofgarchiliklarsiz ixcham oʻtkazish, hududni har taraflama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish kabi masalalardagi fidoyiliklarini eʼtirof etdi. Keyingi yillarda viloyatimizda soha rivoji yoʻlida amalga oshirilgan ishlar tahliliga eʼtibor qaratdi.
Taʼkidlanganidek, viloyatdagi 516 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida “mahalla yettiligi” uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida 2021-2025-yillarda mahalla fuqarolar yigʻinlarining 135 tasiga yangi bino qurib berildi, 30 tasi joriy, 7 tasi kapital taʼmirlandi. Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan ajratilgan 44 mlrd soʻmlik grant mablagʻlari hisobiga Buxoro, Kogon, Vobkent, Shofirkon va Gʻijduvon tumanlarida 10 ta zamonaviy mahalla markazi bunyod etildi.
“Mahalla byudjeti” tizimini joriy etilishi mahallalar oʻz ehtiyojlari va ustuvor vazifalari uchun byudjet mablagʻlarini mustaqil ravishda rejalashtirish va sarflash imkoniyatiga ega boʻldi.
Buxoro viloyati boʻyicha 2024-2025-yillar davomida mahallalarning hisob raqamlariga 36,6 mlrd soʻm mablagʻlar shakllantirildi.
Ushbu mablagʻlar hisobidan 2,4 mlrd soʻm–mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, 2,9 mlrd soʻm– mahalla binolarini qurish va taʼmirlash, 8,3 mlrd soʻm– mahallalarning moddiy texnika bazasini mustahkamlash, 3,2 mlrd soʻm – “Yashil makon” loyihasiga, 3,8 mlrd soʻm – mahallalarni kameralashtirish xarajatlariga yoʻnaltirildi.
Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 13 ta “Mahalla servis kompaniyasi” tashkil etildi. Ushbu mahalla servis kompaniyalariga 11 turdagi zarur texnik vositalar va uskunalar yetkazib berildi. Hozirda ushbu kompaniyalar tomonidan aholiga 23 turdagi xizmatlar koʻrsatish belgilangan.
-Davlatimiz rahbari sizlarga doimo ishonch bildirib, mahalla raisi “Xalq bilan davlat oʻrtasidagi koʻprik” iborasini koʻp bora taʼkidlaydilar. Hurmatli Prezidentimizning ishonchlarini oqlab, oʻz hududi rivojida jonbozlik koʻrsatayotgan fidoyi raislarimiz koʻpligi barchamizni quvontiradi. Ana shunday raislarimiz saʼy-harakati bilan 317 ta mahallamizda jinoyat sodir etilmagan. Xususan, Jondor tumanidagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Shahlo Yogʻdiyeva, Peshku tumanidagi “Doʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Akmal Ochilov oramizda oʻtiribtilar. Bu mahallalarning aholi soni qariyb 7 mingga yaqinlashsa-da, 5 yildan buyon mahalla hududida birorta ham jinoyat qayd qilinmagan, ushbu mahallalar “yashil toifa”da. Yoki ajrimlarning oldini olish boʻyicha Romitan tumanidagi “Shoʻrcha”, “Oʻzbekiston”, Buxoro tumanidagi “Madaniyat Rabot” mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari xizmatlarini alohida eʼtirof etish joiz. Bu mahallalarda 3 yildan buyon birorta ham ajrim qayd qilinmagan. Mahalla obodligini taʼminlash, tozalik-ozodalik boʻyicha esa Buxoro shahridagi “Koʻkaldosh”, Vobkent tumanidagi “Kosari”, Gʻijduvon tumanidagi “Zarafshon”, Peshku tumanidagi “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari jonbozlik koʻrsatib, Buxoromizni toza-ozoda boʻlishiga hissa qoʻshib kelmoqdalar. Oʻylaymanki, bu kabi yaxshi tajribalar keng qanot yozib, barcha mahallalarimizni qamrab oladi,-dedi Botir Zaripov.
Shu bilan birga viloyat rahbari mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari oldida turgan muhim vazifalar xususida ham toʻxtaldi. Jumladan, aholi muammolari bilan ishlash, kambagʻal oilalarning daromadini oshirish, aholi bandligini taʼminlash, kuz- qish mavsumini betalofat oʻtkazish, ayniqsa, is gazidan asrash uchun targʻibotni kuchaytirish, migrantlar bilan ishlash boʻyicha mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuvda mahalla fuqarolar yigʻinlarini raislarining taklif va tashabbuslari bilan tinglandi. Bu borada amalga oshiriladigan kompleks chora-tadbirlar yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi aytildi.
Albatta, mahalla atalmish katta oila rahbarining faoliyatini samarali tashkil etishda unga munosib hordiq sharoitini yaratish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maʼnoda uchrashuvdan soʻng Botir Zaripov raislar bilan birgalikda viloyat musiqali drama teatri yosh rejissyori Ravshan Rasulov tomonidan sahnalashtirilgan “Mahmud Torobiy” spektalini tomosha qildi.
Tarixiy manbalar Jondor tumanida tugʻilib oʻsgan Mahmud Torobiyning kuchli shaxs boʻlganini tasdiqlaydi. U yurt va millat ozodligi uchun kurashgan xalq qahramoni sanaladi. 1238-yildagi Torobiy qoʻzgʻoloni shu nuqtayi nazardan koʻplab xorijiy tarixchilar, moziyshunoslar eʼtiborini tortgan. Buyuk adib Oybekning yurt bosqinchilariga qarshi kurashgan bu fidoyi insonga bagʻishlab asar yozishi ham bejiz emas, albatta. Ana shulardan kelib chiqib aytish joizki, teatr jamoasining bu asarga murojaat qilishi xayrli ish boʻldi. Zero, aholi, xususan, yoshlarimiz xalq qahramonlari haqida bilishi, ular bilan faxrlanishi, yurtparvar ota-bobolarimiz hayoti va faoliyatidan ibrat olishi maqsadga muvofiqdir.
Spektaklda oʻzbek musiqa sanʼatining dargʻalaridan biri, atoqli bastakor Mustafo Bafoyevning musiqalaridan oʻrinli foydalanilgan. Bu musiqalar sahnadagi jangovor ruhga singib ketgan kabi taassurot qoldiradi. Mahmud Torobiy rolini yosh aktyor Amirxon Gʻafforov ijro etgan. Asar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu kuni mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari Buxoro shahrining tarixiy qismida davom etayotgan xalqaro zamonaviy sanʼat biyennalesida ham boʻlishdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









