Kogon politexnikumida “LIYA TEKSTIL” MCHJ uchun yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda
2025-10-28 11:50:00 / Yangiliklar

Jumladan, viloyatimizda ayni paytga qadar “AKSA ENERJI BUXHARA” MCHJ tomonidan qiymati 150 million AQSH dollariga teng, quvvati 270 MVt boʻlgan gazporshenli issiqlik elektr stansiyasi, “BUXARA VARNET” MCHJ tomonidan 120 gektar maydonda qiymati 80 million AQSH dollarilik issiqxona oʻquv kompleksi, tajriba uchastkalari, “In Vitro” uslubidagi koʻchatxonalari, laboratoriya, issiqxona metall konstruksiyalar ishlab chiqarish zavodi va uy-issiqxonalari, "Liya tekstil" MCHJ xususiy korxonasi tomonidan qiymati 6,4 million AQSH dollari qiymatidagi trikotaj mato toʻqish va boʻyashni tashkil etish loyihalari amalga oshirilgan.
"Gʻijduvon" erkin iqtisodiy zonasida, Kogon tumanida turkiyalik investor rahbarligidagi “LIYA TEKSTIL” MCHJ tomonidan trikotaj mato toʻqish va boʻyashni tashkil etish loyihasini amalga oshirishga kirishilganiga koʻp boʻlmadi. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 6,4 million AQSH dollariga teng boʻlib, korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish natijasida yuzdan oshiq yangi ish oʻrni yaratilgan va yiliga 2400 tonna hajmidagi trikotaj mato toʻqib, boʻyalishi imkoniyati mavjud.
Hozirda korxonani yosh mutaxassis ishchilar bilan toʻldirish, mahsulot ishlab chiqarishni barqaror izga solish maqsadida "Liya tekstil" MCHJ hamda Kogon tumani politexnikumi oʻrtasida dual taʼlim tizimini rivojlantirishga doir kelishuv amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha "Liya tekstil" MCHJ rahbariyati tuman hokimi Otabek Qazoqov hamrohligida Kogon politexnikumida boʻlib, muassasada tekstil sohasida taʼlim olayotgan yoshlar bilan oqich muloqot qildilar. Uchrashuvda oʻquvchilarga amaliy koʻnikmalarga ega boʻlish va ularni ishlab chiqarish jarayoniga jalb etishga doir kelishuvlar yuzasidan savollarga javob berildi. Politexnikumda yengil sanoat, xususan, ip yigirish, mato toʻqish va boʻyash tarmogʻi uchun yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda.
"Liya tekstil" MCHJda ishlash istagidagi yoshlar endilikda oʻz bilimlarini ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash, zamonaviy texnologiyalarni oʻrganish va real ish jarayoniga toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu bilan turli mutaxassisliklar boʻyicha tayyorlangan yoshlarni sanoat bozoriga tayyorlash imkoniyati yaratiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









