Qorakoʻl: Dargʻali va Orgʻun qishloqlari yoʻli asfaltlashtirilmoqda
2025-10-27 17:50:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida Dargʻali qishlogʻining jami 1,5 kilometr uzunlikdagi ichki yoʻliga asfalt qoplamasi yotqizish ishlari boshlab yuborildi. Amalga oshirilgan ishlar mahalla aholisi, haydovchi va piyodalar uchun yanada qulay va xavfsiz harakatlanish imkoniyatini yaratmoqda.
Mazkur jarayon jamoatchilik ishtirokida, ochiq va shaffof tarzda olib borildi. Loyiha doirasida bajarilgan yoʻl taʼmiri va obodonlashtirish ishlari mahalla qiyofasiga koʻrk qoʻshayotgani bilan birga aholi inoq va bahamjihatligi, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qiladi.
Dargʻalida faqat yoʻl taʼmiri emas, aynan aholi faolligi tufayli joriy mavsumda “Tashabbusli byudjet” platformasi orqali 10-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabi sport zalini toʻliq taʼmirlash, stadioniga sunʼiy qoplamali chim yotqizish va atrofini temir toʻsiqlar orqali oʻrash, yugurish yoʻlagini barpo etishdek muhim ishlar amalga oshirildi. Bu xayrli loyihalar uchun dargʻaliliklardan 4 mingdan oshiq fuqaro ovoz berib, xayrixohlik bildirdi.
Xuddi shunday, mahalla ahlining hamjihatligi tufayli taʼmirtalab holga kelgan Orgʻun qishlogʻi ichki yoʻlinining 3 kilometr qismini asfalt qilish tashabbusi bilan chiqilgan. Ayni paytda mazkur tashabbus ham 3835 ta ovoz toʻplab, “Tashabbusli byudjet” platformasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Bu borada ham hademay koʻp yillik tashvish-muammo bartaraf etiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati


