Kogon tumani: Suxor mahallasining ichki yoʻli asfaltlashtirildi
2025-10-24 09:20:00 / Yangiliklar

Bu borada tuman Obodonlashtirish boshqarmasi, yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi hamkorligida hududda muayyan manzilli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, yoʻllardan foydalanish korxonasi ishchi-mutaxassislari tomonidan Suxor mahallasining Buyuk Turon, Yangi hayot hamda Said Amir Kulol koʻchalarida joriy taʼmirlash dasturi asosida 500 metrdan ortiq ichki yoʻl qismi asfaltlashtirildi. Aytish joizki, koʻp yillardan beri hudud aholisini qiynab kelgan muammo bugunga kelib oʻz yechimini topdi.
Soʻngi yillarda avtotransport vositalarining tobora koʻpayib borayotgani yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash, haydovchi va piyodalar uchun qulay shart-sharoit yaratishda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Hududda aholi gavjum yoʻl va chorrahalarga tutash koʻchalarda piyodalar yoʻlakchalariga haydovchi va piyodalar harakatini tartibga solishda amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, oʻtgan haftalarda "Kogon" mahallasi hududidan oʻtuvchi “D-197” va "D-189” rusumli avtomobil yoʻlining “Azizobod q. – A-380” avtomobil yoʻli 208-kilometrida hamda “D-188”—"A-380” rusumli avtomobil yoʻlining 220-kilometrida svetofor moslamalari, zarur yoʻl belgilari oʻrnatildi.
Xuddi shunday, Buxoro parrandachilik fabrikasining Siyozpoyon qishlogʻida, 41-temir yoʻl razyezdi va “Toʻdakoʻl” havzasi yoʻlida ham davlat ahamiyatidagi avtomobil yoʻli kesishmasiga svetofor moslamalari oʻrnatilib, haydovchi va piyodalarga zarur yoʻl belgilari bilan taʼminlangani yana bir qulaylikdir.
Bu saʼy-harakat natijasida mazkur mahalla va yoʻllardan oʻtuvchi avtotransport vositalari va piyodalar uchun xavf-xatarsiz muhit yaratilib, sodir boʻlishi mumkin boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining oldi olinmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








