Peshku: “Zarifjon Shamshod zamini” va “Ato bobo chorva zamini” fermer xoʻjaliklarida ham moʻl hosil yetishtirildi
2025-10-13 10:45:00 / Yangiliklar

Mahalliy iqlimga mos “Buxoro-8”, “Buxoro-10” navlari bilan birga Xitoydan keltirilgan “Chao Zang-88”, “Xin Lu Zao-57” kabi serhosil navlariga mansub 2630 gektar yerga tajriba-sinov tariqasida baraka urugʻi qadalib, koʻzlangan sanoat xom ashyosi yetishtirilgan.
Peshkulik dehqonlarning yil boʻyi mashaqqat bilan yetishtirgan hosilini nest-nobudgarchiliklarsiz yigʻib-terib olish maqsadida ayni kunda hududda 200 tadan ortiq terim otryadi tuzilgan boʻlib, ularga 6 mingdan oshiq terimchi jalb qilinmoqda. Paxtakorlar joriy yilning oʻzida qariyb 33 ming 475 tonnalik “oq oltin” xirmoni barpo qilish harakatidalar.
Shu kecha-kunduzda dala mehnatkashlari qoʻl terimi bilan birga 1136 gektar yerdagi “oq oltin”ni yangi "JOHN DEERE" va “FM World” rusumli zamonaviy kombaynlarda terib olish harakatidalar. Shuning uchun agronomlar tavsiyasi asosida tumandagi 6704 gektar paxta maydonida defoliatsiya va desikatsiya agrotexnik tadbirlari toʻla-toʻkis amalga oshirilib, moʻl hosil xirmoni yaratilmoqda.
Varaxsho hududida yashovchi mehnat faxriylari, nuroniylardan bir guruhi fermer xoʻjaliklari hasharchi terimchilariga madadkor sifatida dala mehnatkashlari bilan yelkama-yelka paxta terib, ibrat boʻlishmoqda. Jumladan, “Zarifjon Shamshod zamini” fermer xoʻjaligida borayotgan yigʻim-terimda qatnashib, “oq oltin” xirmoni yuksalishida faollik koʻrsatishmoqda.
Xuddi shunday, “Sadir” mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Ato bobo chorva zamini” fermer xoʻjaligida paxta terimida faollik koʻrsatayotgan terimchilar uchun ham dasturxon yozilib, ilgʻor chevarlarni alohida taqdirlash kanda boʻlmaydi. Shu boisdan, xoʻjaliklarda “oq oltin” xirmoni yuksalmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









