Botir Zaripov Gruziyaning “Reformatiks” konsalting kompaniyasi mutasaddilarini qabul qildi
2025-10-10 15:55:00 / Yangiliklar

Topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida “Reformatiks” konsalting kompaniyasi ekspertlarining mamlakatimizga oʻnga yaqin tashrifi amalga oshirildi. Ekspertlarning hududlardagi turistik manzillarga tashriflari natijasida sayyohlik infratuzilmasini shakllantirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish hamda xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha istiqbolli takliflar ishlab chiqildi. Shuningdek, amalga oshirilgan oʻrganishlar asosida yurtimizda turizmni 2040-yilgacha rivojlantirish strategiyasi loyihasining 9 ta yoʻnalishi boʻyicha 2 ta oraliq hisobot taqdim etildi.
Shu yilning 8-20-oktabr kunlari mazkur kompaniya ekspertlarining yurtimizga navbatdagi tashriflaridan koʻzlangan asosiy maqsad tarixiy ahamiyatga ega hududda turizm sohasida istiqboldagi yirik loyihalar, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari, qolaversa, sohani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan kreativ taqdimotlarni amalga oshirishdir.
Qadimiy boy tarixiga ega Buxoroi sharif xorijiy kompaniya ekspertlari katta qiziqish bildirayotgan va bunda qator istiqbolli loyihalar nazarda tutilgan hududlardan biri sanaladi. Shu nuqtayi nazardan, viloyat hokimi Botir Zaripov bugun “Reformatiks” konsalting kompaniyasi hamkori va katta direktori Tamara Kovziridze hamda Gruziya Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat tuzilmalarida bir qator masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan diplomat Otar Berdzenishvilini qabul qildi.
Dastlab viloyat hokimi xorijiy kompaniya vakillariga koʻp ming yillik tarixga ega Buxoroning oʻtmishi va buguni, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, ayniqsa, turizm salohiyatiga doir imkoniyatlari, bu borada chet el sarmoyadorlariga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar xususida atroflicha maʼlumot berdi.
Oʻz navbatida, viloyat hokimiga Buxorodagi samimiy qabul va mehmondoʻstlik uchun minnatdorligini bildirgan xorijiy ekspertlar ikki tomonlama muloqot konstruktiv va tashkiliy ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab, unda boy tarixiy qadriyat va merosiga ega hudud turizm salohiyatini toʻliq namoyish etish, uning kelgusidagi barqaror rivojiga daxldor istiqbolli loyihalar muhokamasiga eʼtibor qaratdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








