Qorakoʻl: “Parvoz Fayz Plus Baraka” - tuman sanoati rivojida yana bir qadam
2025-10-03 16:05:00 / Yangiliklar

Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Parvoz Fayz Plus Baraka” korxonasiga kichik sanoat zonasi balanasidagi 2000 kvadrat metr bino tikuvchilik faoliyatini tashkil qilish uchun ajratib berilgan. Bugungi kunda tadbirkorning 3 milliard soʻmlik oʻz mablagʻlari hisobidan inshoot qayta taʼmirlangan.
Tadbirkorlik subyektiga zarur dastgoh va uskunalarni sotib olish uchun “Aloqabank” viloyat filiali tomonidan 4 milliard 500 million soʻmlik bank kredit mablagʻi ajratilgan. Ishlab chiqarish subyekti toʻlaqonli ish yuritishi uchun zarur infratuzilma, elektr va tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan, suv, oqava tizimi shay qilinib, hudud obodonlashtirilgan.
Korxonada 400 nafardan ortiq ishchi oʻrni yaratilgan boʻlib, ular zamonaviy tikuvchilik uskunalari bilan taʼminlangan. Ishchilarning aksarini xotin-qizlar tashkil etayotgan sexda ular oylik maoshi 3-4 million soʻm atrofida. Fabrikada tayyorlanayotgan kiyim-kechak mahsulotlari nafaqat ichki bozor uchun, balki xorijiy davlatlarga ham eksport qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda katta imkoniyat yaratadi.
— Avvallari uy sharoitida kichik buyurtmalar bajarardim. Endilikda esa zamonaviy tikuv uskunalarida ishlashni oʻrganayapman. Mahsulotlarimiz xorijga ham eksport qilinishini eshitib, yanada koʻproq ishtiyoq bilan mehnat qilyapmiz, — deydi tikuvchi qizlardan biri Guljahon Beshimova.—Korxona tufayli men nafaqat ish oʻrniga, balki yangi kasbni mukammal oʻrganish imkoniyatiga ham ega boʻldim. Kelgusida tajribamdan foydalanib, oʻz shaxsiy tikuvchilik seximni ochishni niyat qilganman.
Aytish joizki, “Parvoz Fayz Plus Baraka” korxonasining faoliyati chekka tumanda kichik sanoat zonalari samarali ishlashiga, tadbirkorlik muhitining yanada yaxshilanishiga xizmat qiladi. Korxonaning ishlab chiqarish hajmi, mahsudorlik ortgani sayin, yangi qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









