Botir Zaripov “Ibn Sino” jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimjon Mahmudovni qabul qildi
2025-10-03 14:00:00 / Yangiliklar

“Ibn Sino oʻqishlari” doirasida qator xalqaro forumlar, anjumanlar, davra suhbatlari, mavzuli koʻrgazmalar oʻtkaziladi. Ushbu tadbirlarda 20 dan ortiq davlatdan sharqshunoslar, tarixchilar, faylasuflar, islomshunoslar, shifokorlar, shuningdek, NNT vakillari, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Uchrashuvda maqsadi Ibn Sino ilmiy merosi asosida tibbiyot fani yutuqlarini oʻrganish va kelajakda ushbu ilmiy merosni tibbiyotning dolzarb muammolarini hal etishda keng tatbiq etishga qaratilgan mazkur anjumanga tayyorgarlik masalalari, amalga oshiriladigan ishlar haqida fikr almashildi.
— Fondimiz ulugʻ bobokalonimizning boy merosini oʻrganish va targʻib qilish yoʻlida samarali faoliyat yuritmoqda, – deydi Ibn Sino jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozim Mahmudov. — Biz mamlakatimiz tarixchi va sharqshunos olimlari, boshqa ilmiy muassasalar bilan bir qatorda xorijiy davlatlarda Ibn Sino merosini tadqiq etayotgan turli fondlar hamda tuzilmalar bilan ham yaqindan hamkorlik qilyapmiz. Bu borada albatta tajriba almashish, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni birgalikda hal etish yoʻllarini izlash juda muhim. Mazkur xalqaro anjuman ayni shu maqsadlarga xizmat qiladi va oʻzaro tajriba almashish uchun muloqot maydoniga aylanadi.
Oʻz navbatida Botir Zaripov mazkur yirik tadbirning ahamiyati mamlakatimiz, balki dunyo davlatlari ilm-fani, ayniqsa, tibbiyoti uchun yuqori ekanligini alohida taʼkidladi.
Anjumanga puxta tayyorgarlik koʻrish, bunda ishtirokchi davlatlar geografiyasini yanada kengaytirish boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kengashib olindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati







