Qorakoʻl: Poykentda Baxtiyor Haydarov ichimlik suvini filtrlab, qadoqlash sexini ochdi
2025-09-26 10:40:00 / Yangiliklar

Hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasi asosida 33 million soʻm imtiyozli bank kredit mablagʻini olgan yigit Xitoy davlati maxsus uskunasini xarid qilib, ichimlik suvini yuqori darajada filtrlash va qadoqlashni yoʻlga qoʻydi.
— Mazkur apparat ichimlik suvini bir necha bosqichda tozalab beradi. Dastlab, suv qum, zang, tuproq zarralaridan tozalanadi. Shundan soʻng, maxsus filtr suvdagi noxush hid va keraksiz aralashmalarni ajratib beradi, — deydi tashabbuskor Baxtiyor Haydarov. — Suvning oʻz molekulasi darajasida tozalanadi, zararli tuzlar, bakteriyalar filtrda ushlab qolinadi. Ayni paytda aholi orasida bunday filtrlangan toza ichimlik suviga talab ham oshmoqda.
Sexda maxsus uskuna yordamida soatiga 1 tonna suv filtrlanib, isteʼmolchilarga yetkazilmoqda. Tadbirkor tomonidan ayni vaqtda bir kunda oʻrtacha 3 tonna suv tayyorlanib, buyurtmachilar manziliga yetkazib berilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida tadbirkor koʻp qavatli uylar oldida maxsus suv beriladigan shaxobchalarni oʻrnatib, ishga tushirgan. Bu minitexnologiyalardan aholi vakillari oʻzlariga kerakli hajmda filtrlangan suvni sotib olishi mumkin.
Muhimi, shu faoliyati ortidan tadbirkor 4 nafar mahalladoshini ish bilan taʼminladi. Baxtiyor kelgusida ishlab chiqarishni kengaytirib, yanada koʻproq ish oʻrinlari yaratishni hamda xizmat koʻrsatish doirasini kengaytirishni koʻzlagan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









