Qorakoʻl: Bobur Jumayev shlakoblok sexini rivojlantirish harakatida
2025-09-22 20:15:00 / Yangiliklar

Koʻhna Qulonchi, Yangizamon va Xasxoʻrda qishloqlarini oʻzida birlashtirgan chekka mahallada bugunga kelib 750 ta xonadon, 1120 ta oila va jami 4 100 dan ortiq aholi istiqomat qilmoqda. Hududda kambagʻallikni qisqartirish, odamlar bandligini taʼminlash, ish oʻrinlarini yaratish orqali oilalar moddiy manfaatdorligini oshirish, nochor va qiyin sharoitda yashayotgan xoʻjaliklarni iqtisodiy “sogʻlomlashtirish” choralari koʻrilmoqda.
Jumladan, yangizamonlik Bobur Jumayev ham hokimning mahalladagi yordamchisi tavsiyasi bilan rasmiylashtirib olgan 100 million soʻm imtiyozli bank krediti hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sex tashkil etdi.
Mazkur sexda bugungi kunda qurilishbop shlakablok mahsuloti ishlab chiqarilmoqda. Qurilishga talab koʻpaygan hozirgi kunda bu mahsulotga talab oshib borayotganini ortiqcha izohlashga hojat yoʻq. Shu boisdan, keyingi oylarda bu kichik korxonada ishlayotgan yoshlar soni 6 nafarga yetgan. Sement-beton ishlari ogʻir mehnat va kishidan jismoniy kuch talab qiladigan tarmoq. Bobur Jumayevning aytishicha, ishlab chiqarish hajmi kengaytirilayotgan sexda ishlovchilar sonini yana 4 nafarga koʻpaytirishga ehtiyoj bor.
— Maqsadimiz nafaqat oilamiz daromadini oshirish, balki qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlarimizni daromadli ish bilan taʼminlash. Boshlagan ishimizni kengaytirib, yangi uskunalar olib kelishni, seximiz faoliyatini yanada samarali yoʻlga qoʻyib, buyurtmalarni koʻpaytirishni koʻzlayapmiz, - deydi Bobur Jumayev. — Bu borada biz kabi tadbirkorlik subyektlari soliq imtiyozi, kam foizli kredit mablagʻi bilan qoʻllab-quvvatlanayotgani biznesimizni rivojlantirishga madad boʻlmoqda.
Darhaqiqat, yosh tadbirkorlar tashabbuslari nafaqat bir oila, balki bir koʻcha, mahallaning turmush tarzi, iqtisodiy ahvoliga taʼsir koʻrsatadi. Yoshlar bandligini taʼminlash, talab yuqori boʻlgan mahsulot ishlab chiqarilayotgani bu oilalar uchun daromad manbaidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









