Qorakoʻl: Hamroqulovlar xonadoni ekin yeridan 100 million soʻmga yaqin daromad olmoqda
2025-09-13 11:30:00 / Yangiliklar

Tomorqaning boshqa bir chekkasida esa qulupnay joʻyaklari yashnab, hosilga kirgan. Bozorbop bu sarxil mahsulotlar sotuvidan Zokir Hamroqulov xonadoni ahli haftasiga 1 million soʻmga yetkazib moddiy manfaatdorlikka erishmoqda.
Bu oʻrinda gap Qorakoʻl tumani Poykent mahallasida yashovchi Zokir Hamroqulov uy xoʻjaligi xususida bormoqda. Oʻn sotixdan ziyod tomorqasi, ikki sotixdan iborat issiqxonasiga ega hovliga kirgan odam xonadon ahli mirishkorligi va tomorqadan olinayotgan barakali hosilni koʻrib, ekin yeri aslida katta imkoniyat manbai ekanligiga amin boʻladi.
— Mehnat qilgan odam albatta hosilini koʻradi. Men uchun tomorqa nafaqat oziq-ovqat manbai, balki butun oilamizning daromad garovi. Har kuni ertalab hovliga chiqqanimda, ekinlarimizni koʻrib koʻnglim shod boʻladi. Bir qarich yer ham bekor turmasligi kerak.
Kim ishlasa, albatta roʻzgʻorida baraka boʻladi, — deydi xonadon sohibi Zokir aka.—Bugun daromad qilaman degan odam tomorqasiga astoydil mehr berishi kerak. Farzandlarimiz bilan mehnat qilib, nafaqat roʻzgʻorni butlayapman, balki bozorga ham sarxil mahsulot yetkazib berib, daromad olyapmiz. Muhimi, halol peshona teri evaziga oilamizga fayz-baraka olib kiryapmiz.
Hamroqulovlar oilasining yutugʻi har qarich ekin yeridan unumli foydalanayotganida. Bir tomonda sabzi, karam, baqlajon va bulgʻor qalampiri barq urib oʻsayotgan boʻlsa, bir yoqda anjir, anor butalari, yetilib pishayotgan mevadan shoxlari egilgan olmazor bogʻ yashnab turgani koʻzni quvontiradi. Hovlining bir yogʻida sarxil uzum navlaridan tokzor hosilga kirgan. Unda husayni, toyfi, behishti, oq-qora kishmishi uzum gʻarq pishgan. Ochigʻi, kuz kunlarida xonadon ahlining qoʻli-qoʻliga tegmay, pishib yetilgan hosilni saranjomlash bilan bandlar.
Darvoqe, bu hovli ogʻilxonasidagi ish va parvarish esa alohida mavzu. Boisi, bunda sigir buzoq, qoʻy-echki parvarishi alohida mehnatni taqozo etadi, albatta. Birgina uy xoʻjaligida foydalanilayotgan imkoniyat, erishilayotgan qut-baraka bu. Ekin yeri va ogʻilxonadagi mehnatdan bugun Hamroqulovlar oilasining umumiy yillik daromadi 100 million soʻmga yaqinni tashkil etmoqda. Bu samara tomorqaning naqadar muhimligi, ekin yerini eʼzozlab, mehr bilan ishlagan odam hech qachon kam boʻlmasligi ifodasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









