Romitan: yangi qurilayotgan umumtaʼlim maktabi va sport zallari qurilishiga 21 milliard soʻmdan ziyod sarmoya sarflanmoqda
2025-09-12 19:35:00 / Yangiliklar

Maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda Romitan tumanida maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi tizimida yangilanish va islohotlar samarasini koʻrish mumkin. Bugunga kelib tumanda jami 44 ta umumtaʼlim maktabi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ulardan 43 tasi davlat umumtaʼlim maktabi, 1 tasi esa nodavlat, yaʼni xususiy taʼlim maskani hisoblanadi. Hozirda mazkur umumtaʼlim maktablarida jami 24 mingdan oshiq oʻgʻil-qiz taʼlim-tarbiya olishmoqda.
“Romitan” MFY da barpo qilinayotgan taʼlim dargohiga kelsak, shu kunga qadar bu hududda taʼlim dargohi va yosh sportsevarlar uchun mashgʻulot zaliga ehtiyoj kuchli edi. Mazkur ishlarga Investitsiya dasturiga binoan 20 milliard 800 million soʻm mablagʻ sarflanishi koʻzda tutilgan. Loyihaga binoan, uch qavatdan iborat, shinam va zamonaviy andozadagi binoda oʻquv xonalari, faollar hamda sport zallari, oshxona, sanitariya tarmogʻi—qozonxona, shuningdek, badiiy gimnastika, futbol, basketbol, voleybol maydonchalari shay qilinadi. Buning uchun 1,2 gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, binokorlikda pudratchi subyekt tanlangan.
Xuddi shunday, tumandagi 7-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabida shu kunga qadar imkoniyati boʻlmagan yangi zamonaviy sport zali qurilayotgani ayniqsa, yosh sportsevarlarni xursand qildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarori bilan tumanning “Bogʻcha” mahalla fuqarolar yigʻinida faoliyat yuritayotgan 7-sonli IDUMda standart talabidagi zamonaviy sport zali qurilishi uchun qiymati 1 milliard soʻm malagʻ ajratilgan.
Qurilish inshootlarida kunlik surʼat va ish sifati, qurilish materiallari taʼminoti, binokor ishchilarga yaratilgan mehnat va xavfsizlik sharoitlari tuman hokimligi, tegishli tashkilotlar nazoratida. Nuqson va kamchiliklar bartaraf etilib, inshootlarni belgilangan muddatida foydalanishga topshirish choralari koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









