Peshku: Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlariga dasturxon yozildi
2025-09-03 10:30:00 / Yangiliklar

Mustaqillik bayrami munosabati bilan tashkillashtirilgan tadbirda boshqarma tizimi ishchilari, faxriylar, tashkilotchilar hozir boʻldilar. Tuman hokimi Hayot Davlatov tarmoq xodimlarini bayram bilan samimiy muborakbod qilib, hudud ozodaligi, atrof-muhit saranjom-sarishtaligini taʼminlash yoʻlida ertayu kech mehnat qilayotgan Obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xizmatchilari mehnatini alohida eʼtirof etdi.
— Keyingi yillarda xizmatimiz koʻlami kengaymoqda, jumladan, hudud va koʻchalarga xizmat koʻrsatish, koʻchalar chiroqlari boʻyicha elektr xizmati, qabristonlarni obodonlashtirish qatoriga qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish va bartaraf etish, yoʻl taʼmirlash kabi xizmatlar ham qoʻshildi,—deydi tuman Obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Najmiddin Kenjayev.—Shu boʻlimlarimizda bugunga kelib 330 nafar ishchi-mutaxassis faoliyat yuritmoqda. Shulardan 141 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Ular oylik maoshi esa 2-2,5 million soʻm atrofida. Korxonamiz moddiy-texnik imkoniyatlarimizni kengaytirish maqsadida tasarrufimizdagi maxsus transport vositalari sonini 22 taga yetkazgan holda aholiga namunali xizmat koʻrsatib kelmoqdamiz.
Bayram shodiyonasida toʻkin dasturxon atrofida yigʻilgan obodonlashtirish xizmati ishchi-xodimlari uchun davraga osh tortilib, dildan suhbat avj oldi. Tuman madaniyat boʻlimi xushovoz xonandalari ijrosidagi kuy-qoʻshiqlar esa davraga fayz, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






