Peshku: Jongeldida maktabga qadam qo‘yayotgan jajji o‘quvchilarga “Prezident sovg‘asi” yetkazildi
2025-08-31 19:55:00 / Yangiliklar

Viloyat markazidan 250 kilometr uzoqlikdagi “Jongeldi” mahalla fuqarolar yig‘inida ham O‘zbekiston respublikasi mustaqilligi kuni katta tantana qilinmoqda. Shu munosabat bilan tashkil qilingan tadbirda Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov boshchiligidagi mas’ullar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
Mahalla bir-biridan 100 kilometr uzoqlikda joylashgan “Safron”, “Qal’a Ota” va “Jongeldi” qishloq ovullaridan iborat bo‘lib, bitta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 10 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy qishloq uchastka kasalxonasi faoliyat yuritmoqda. Ayni kunda mahallada 753 nafar qardosh qozoq millatiga mansub yurtdoshimiz istiqomat qiluvchi ovul ahlining asosiy tirikchilik manbai chorvachilik, yilqichilik va tadbirkorlik hisoblanadi.
Xususan, cho‘lquvarlar ovulida zarur infratuzilma — elektr energiyasi, yo‘l, issiqlik tizimi, iste’molga yaroqli toza ichimlik suv ta’minoti, suvoqava tarmog‘ini qurish va talab darajasida ta’minlash ishlari bajarilgan. Mavjud ijtimoiy soha ob’yektlari ta’mirlangan. Zamonaviy bolalar maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalari barpo etilib, aholiga zarur shart-sharoit yaratib berilgan. Aytish joizki, olis ovulda bo‘layotgan bu kabi o‘zgarishlar yurtdoshlarimizni ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, oilalar moddiy manfaatdorligi va turmush darajasini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jongeldi ovulidagi 24-sonli umumta’lim maktabining 1-sinfiga bu yil 6 nafar bola o‘qishga bormoqda. Tuman hokimi jajji barkamol avlod vakillariga o‘quv qurollaridan tashkil topgan “Prezident sovg‘asi”ni topshirdi. Bundan mamnun bo‘lgan Gulnur Oyimbetova, Turg‘ongul Nurlubekova, Xayribek Janto‘riyev singari ota-onalar davlatimiz va hukumatimizga o‘z minnatdorliklarini izhor qildilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









