Istiqlol shukuhi: Peshku tumanida 20 nafar bolajonning sunnat to‘yi o‘tkazildi
2025-08-31 14:25:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan, Peshku tumanida ham yurtimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan qator xayrli tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida hududda umrguzaronlik qilayotgan ehtiyojmand, ijtimoiy muhofazaga olingan oilalar farzandlarining sunnat to‘yi marosimi tashkil qilindi.
“Ibn Sino” MFY Afshona qishlog‘idagi “Haydarobod” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan bu xayrli tadbirda turli mahallalardan saralangan, oilalari moddiy jihatdan qiyin ahvolda bo‘lgan 20 nafar bolajonning sunnat to‘yi bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimligi va O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi tuman bo‘limi tomonidan tashkillashtirilgan to‘y marosimida bolalar uchun milliy liboslar, esdalik sovg‘alari tayyorlanib, ular sharafiga bayram dasturxoni yozildi.
Sunnat to‘yi munosabati bilan so‘zga chiqqan tuman hokimi Hayot Davlatov va nuroniylar vakillari yurt ozodligi, istiqlol tufayli yurtimizda tinchlik, barqarorlik va xalq manfaatini ko‘zlagan ezgu sa’y-harakat izchil davom ettirilayotganini e’tirof etdilar. Ko‘pni ko‘rgan otaxonu onaxonlar bolajonlarga o‘zlarining ezgu tilaklarini izhor qilishib, duoga qo‘l ochdilar.
—Shunday kunda bizni unutib qo‘ymasdan, farzandlarimizni xursand qilib, mushkulimizni yengillatgan tuman hokimligi, barcha tashkilotchilar, homiy tadbirkorlarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz,—deydi “Navoiy” MFY Qudrashex qishlog‘ida yashovchi, to‘ybolalardan birining onasi Mujgona Nurova.—O‘g‘lim Akbaralining sunnat to‘yini ko‘pdan niyat qilib yurardik, ammo qo‘limiz kaltalik qilib qolganida mahalla va tuman hokimligi bizning tashvishimizni aritdi. Bundan juda xursandmiz.
Albatta, bu kabi insonparvarlik tashabbuslari xalqimiz o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat va hamjihatlikni mustahkamlashga, farzandlarimizni Vatanga muhabbat va insonparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shuningdek, to‘y tadbirida xushovoz xonandalar chiqishlari, bolalar uchun o‘yin-kulgi, sho‘x tomoshalar, konsert dasturi tashkillashtirilgani barchaga bayramona kayfiyat, davraga fayz ulashdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




