Qorakoʻl: tadbirkorning ezgu amali tufayli Mallaishayxdagi 20-sonli maktab yangicha qiyofaga kirdi
2025-08-30 19:40:00 / Yangiliklar

Ana shunday bilim maskanida tahsil olgan sobiq oʻquvchilardan biri — Nasriddin Suvonov oʻzi tugʻilib oʻsgan qishlogʻiga mehr va sadoqatini amalda namoyon etdi. U 1982–1993-yillarda tahsil olgan ushbu maktabning oʻtgan asr olmishinchi yillarida qurilgan va bugun taʼmirtalab ahvolga kelgan eski binosini qiymati 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ evaziga 210 oʻquvchi oʻrniga ega maskanga aylantirib, qayta mukammal taʼmirlab berdi.
—Oʻzim tahsil olgan maktabning yangidan qurilgandek, chiroy ochganini koʻrib koʻnglim yorishdi. Bu yerda mening bolalik xotiralarim, ustozlarimning mangu izlari bor. Shu sababli bu dargohni obod qilib, ertamiz egalari, farzandlarimiz uchun taʼmirlab berishni oʻz burchim deb bildim,—deydi tadbirkor Nasriddin Suvonov.
Yangi oʻquv yili oldidan qad rostlagan zamonaviy maktab binosining tantanali ochilish marosimida tuman hokimi Xurshid Tohirov boshchiligidagi masʼullar, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari va ota-onalar qatnashdilar. Soʻzga chiqqanlar chekka mahallada amalga oshirilgan ezgu ish, unga homiylik qilgan tadbirkorga minnatdorlik bildirishib, mallaishayxliklarni samimiy tabrikladilar.
Albatta, bunda Vataniga mehr qoʻygan, xalqiga sodiq tadbirkoru har sohada bilimdon mutaxassislar yetishib chiqishiga ishonch bildirildi. Tadbirda koʻpni koʻrgan nuroniylar yurtimiz tinchligi-osoyishtaligi, oilalar turmushi farovon boʻlishini tilab duoga qoʻl ochdilar.
Yangilangan taʼlim maskani ramziy lentasi qirqilgach, yigʻilganlar unda yangi avlod uchun yaratilgan shart-sharoit, kitob fondi, sinf xonalari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, mazkur taʼlim maskanida qariyb 50 yil davomida biologiya fanidan saboq berib kelgan faxriy ustoz Sotiboldi Soyibov ham shogirdining ishidan gʻururlanib, shunday dedi: – Bugun mening sobiq shogirdim oʻz maktabini yangilab berdi. Bunday ezgu amallar — yoshlar uchun ibrat, ustozlar uchun esa eng katta mukofotdir.
Maktabning ichki sharoitlari ham zamonaviy talablarga moslashtirildi. Sinf xonalari keng va yorugʻ boʻlib, har bir xonaga zarur jihozlar oʻrnatildi. Maxsus Xitoydan olib kelingan oʻquv partalari oʻquvchilarning yoshiga mos ravishda sozlanadi. Shuningdek, maktab kutubxonasi yangi kitoblar va elektron resurslar bilan boyitildi.
– Maktabimizda 890 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda. Oʻtgan oʻquv yilida bitirgan oʻquvchilarimizning aksariyati oʻzlari tanlagan yoʻnalishlarda oliy taʼlimga oʻqishga kirgani bizning katta yutugʻimizdir. Endi esa maktabimizda oʻgʻil-qizlarimizni yanada qulay sharoitlarda oʻqitib, bilim berish imkoniyatiga egamiz,— deydi maktab direktori Akram Hafizov.
Shu kuni tadbir munosabati bilan tuman hokimi maktabning 1-sinfiga qabul qilingan 96 nafar oʻquvchisiga portfel, daftar va boshqa 13 xildagi zarur oʻquv qurollaridan tarkib topgan “Prezident sovgʻalari”ni topshirdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









