Romitanda mustaqillik bayrami arafasida 12 nafar jajji bolajoning sunnat toʻylari oʻtkazib berildi
2025-08-29 16:35:00 / Yangiliklar

Mustaqillik bizga oʻzligimizni toʻla namoyon etish, azaliy qadriyatlarimizni tiklash bilan bir qatorda, tinch va osuda hayotimizning har kunini toʻy-u tantanalar bilan oʻtkazish imkonini berdi.
Romitan tumani hokimligi tashabbusi bilan tumandagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlaridan 12 nafarining xatna toʻylari oʻtkazildi.
Tumandagi "Fayz" tantanalar saroyida tuman hokimligi, Mahallalar uyushmasi tuman boʻlimi va saxovatpesha homiylar hamkorligida oʻtkazilgan marosimda bolalarning ota-onalari, yaqinlari, mahalla faollari, mehnat faxriylari, nuroniylar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirda soʻzga chiqqan tuman hokimi Umedjon Barnoyev bugungi davlat siyosatida aholining hayotdan rozi boʻlib yashashini taʼminlash, jamiyatda oʻzaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bagʻrikenglik hamda xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga katta eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, bugun toʻylari oʻtkazilayotgan bolalar orasidan kelgusida yetuk fidoyi insonlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.
Toʻybolalarning har biriga bosh-oyoq sarpo kiydirilib, homiy tashkilotlarning velosiped va boshqa qimmatbaho sovgʻalari topshirildi.
Shundan soʻng, tuman madaniyat boʻlimi xonandalari ijrosida vatanni tarannum etuvchi kuy- qoʻshiqlar ijro etilib, barchaga bayramona kayfiyat ulashildi.
Bu oʻtkazilgan toʻy marosimi jajjigina oʻgʻlonlar xotirasida yaxshilik, mehr-saxovat ramzi sifatida bir umrga muhrlanib qoladigan boʻldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









