Mustaqillik inshootlari: Peshku tumani “Soʻsana” mahallasida 40-sonli umumtaʼlim maktabi yangi binosi foydalanishga topshirildi
2025-08-28 18:55:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami oldidan Peshku tumanida ham taʼmirtalab maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari mukammal taʼmirdan chiqarilib, talab darajasida jihozlanmoqda, oʻquv binosiga ehtiyoji boʻlgan mahalla va qishloqlarda taʼlim maskanlari barpo etishga yetarli sarmoya ajratilayotgani yuqoridagi fikrimiz dalili.
Bugun tumanning “Soʻsana” mahalla fuqarolar yigʻini aholisi uchun oʻzgacha kun. Sababi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” degan ezgu gʻoya asosida nishonlanayotgan jonajon Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida bu hududda 40-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining yangi va zamonaviy andozada barpo qilingan oʻquv binosi oʻz faoliyatini boshlamoqda.
Tumanning chekka mahallasida 180 oʻquvchi oʻrniga ega, ikki qavatdan iborat zamonaviy inshootning bunyodkorlik ishlari pudratchi sifatida “Shofirkon Joʻynav qurilish” MCHJ korxonasi binokorlari tomonidan belgilangan muddatda, sifatli roʻyobga chiqarildi. Bu bino qurilishi uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan umumiy qiymati 4 milliard 950 million soʻm sarmoya ajratildi.
Taʼlim maskani ochilishida tuman hokimi Hayot Davlatov boshchiligidagi mutasaddilar, jamoatchilik vakillari, mahalla faollari qatnashdilar. Soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda peshkuliklar hayotida qator jabhalarda yangilanish va bunyodkorliklar roʻy berayotgani, mahalla va qishloqlar qiyofasi oʻzgarib, aholi turmushi yaxshilanayotganini eʼtirof etdilar. Yangi oʻquv binolari qurilishida jonbozlik koʻrsatgan binokorlarga ham samimiy minnatdorlik bildirildi.
Shundan soʻng, oʻquv muassasasi ramziy alvon lentasi qirqilgach, yigʻilganlar taʼlim dargohlarida barkamol avlod taʼlim-tarbiyasi uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









