Defoliatsiya tadbirlarida dronlardan foydalaniladi
2025-08-25 14:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimligi masʼul xodimlari, viloyat qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, huquqni muhofaza qilish idoralari, tuman hokimlari, mutaxassislar, paxta-toʻqimachilik klasterlari mutasaddilari hamda ularga xizmat koʻrsatuvchi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Seminarda viloyat hokimi Botir Zaripov ham qatnashib, hududlar masʼullari va qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilarining yigʻim-terimga tayyorgarlik koʻrish hamda maydonlarni terimga tayyorlash uchun defoliatsiya tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan axborotlarini tingladi. Sohaning malakali mutaxassislari bergan maslahatlarni inobatga olib, defoliatsiya tadbirlarini yengil shaklda amalga oshirish lozimligi qayd etildi.
Shuningdek, seminarda defoliatsiya tadbirlari uchun talab etiladigan defoliantlar zaxirasining yaratilishi va ularni qoʻllashdagi meʼyoriy talablar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ham yigʻilganlar eʼtiboriga havola qilindi.
Qayd etish lozimki, joriy yilda 3246 ta fermer xoʻjaligi va 11 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 85 ming gektarga, shundan 21,5 ming gektariga xorijiy (Xin Lu Zao-57, Zhongmian-88), 63,5 ming gektariga mahalliy (“Buxoro-6”, “Buxoro-8”, “Buxoro-10”, “Buxoro-102”) navlar ekilib, dastlabki hisob-kitoblarga asosan oʻrtacha 43,8 sentnerdan jami 372,3 ming tonna hosil yetishtirish maqsad qilingan.
Bu yil ob-havoning paxtachilik uchun qulay kelganligi, paxta hosili yetishtirishda Hukumatimiz tomonidan oʻz vaqtida moliyalashtirilishi, mineral oʻgʻit, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari va boshqa moddiy resurslarning kafolatli taʼminlanishi natijasida dalalarda kutilgan hosil yetishtirildi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan paxta yigʻim-terimida tonnasiga 1 million soʻmdan qoʻshimcha subsidiya berilishi toʻgʻrisidagi taklif fermer xoʻjaliklarimizning iqtisodiy manfaatdorligini yanada oshirib, terimni qisqa muddatda oʻtkazilishiga sharoit yaratib berdi. Agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish va gʻoʻza rivojini jadallashtirish uchun 2320 ta kultivator, 657 ta chuqur yumshatgich, 309 ta OVX va shtangali purkagichlar mavsumda ishtirok etdi.
Ayni kunda viloyat dalalarida 25-avgustdan 10-sentyabrgacha defoliatsiya agrotexnik tadbirini yuqori darajada tashkillashtirish maqsadida talab qilingan defoliantlar zahirasi yaratilgan. Hozirda tumanlarda gʻoʻza defoliatsiyasini tizimli oʻtkazish uchun ishchi otryadlari shakllantirilib, ularga agronom-nazoratchilar biriktirilmoqda. Bu jarayonni viloyatda joriy yil 10-aprelgacha ekib undirilgan 47 ming gektar gʻoʻza parvarishlanayotgan maydonda sifatli va tez surʼatda oʻtkazish maqsadida qishloq xoʻjaligi tegishli korxonalari tomonidan OVX purkagichlari bilan birga 32 ta drondan foydalanish koʻzda tutilgan.
Seminarda paxta maydonlarida defoliatsiya tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish muhim ahamiyatga ega ekanligi, hozirda texnika vositalarining qariyb barchasiga sifatli texnik va servis xizmat koʻrsatilib, mavsumga shay holga keltirilgani taʼkidlandi.
Viloyat oʻquv-amaliy seminarida masʼullar tomonidan agroklasterlar, fermer xoʻjaliklariga gʻoʻza parvarishiga doir zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









