Kogon: "Niyozhoji" mahalla fuqarolar yigʻini zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi
2025-08-23 11:40:00 / Yangiliklar

Ana shunday ezgu ishlardan biri yurtimiz istiqlolining 34 yilligi arafasida tumanning Niyozhoji mahallasida amalga oshirildi.
Xususan, mahalla maʼmuriyati koʻp yillardan buyon eski, allaqachon xizmatini oʻtab boʻlgan binoda xalqqa xizmat qilayotgandi. Aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, qolaversa "mahalla yettiligi" ish unumdorligini oshirish maqsadida "Mahalla binolarini qurish va kapital taʼmirlash direksiyasi" mohir quruvchilari tomonidan umumiy qiymati 2 milliard 146 million soʻmga yaqin mablagʻ evaziga barcha qulayliklarga ega zamonaviy Niyozhoji mahalla binosi bunyod etilib, talab darajasida jihozlandi.
Ushbu maʼmuriy inshoot qariyb 2 sotix yer maydonida qad rostlagan boʻlib, ikki qavatdan iborat. Bino birinchi qavatida “mahalla yettiligi” masʼul xodimlari, ikkinchi qavatida Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Kogon tuman boʻlimi hamda Mahalla servis kompaniyasi xodimlari faoliyat olib borishadi.
Shu munosabat bilan kuni kecha ushbu muhtasham binoni tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Marosimda tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, tegishli tashkilot va idora mutasaddilari, nuroniy otaxon-onaxonlar va mahalla faollari ishtirok etdilar.
Dastlab anʼanaga koʻra Qurʼon tilovat qilinib, nuroniylar yurtimiz tinchligi, xalqimiz turmushi farovonligi, xonadonlar qut-barakasini soʻrab duoga qoʻl ochdilar.
Tadbirda tuman hokimi Otabek Qazoqov soʻzga chiqib, soʻngi yillarda tumanda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va yangilanishlar, aholi turmush sifatini oshirishda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar xususida toʻxtalib, barchani yangi inshoot foydalanishga topshirilgani bilan samimiy tabrikladi.
Shundan soʻng inshootning ramziy qizil lentasi qirqilib, tadbirda yigʻilganlar binoda mahalla xodimlari, boshqa maʼmurlar hamda aholi uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdilar.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









