Kogon ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligida koʻchat zaxiralari yaratilmoqda
2025-08-22 12:10:00 / Yangiliklar

Viloyat Oʻrmon xoʻjaligi boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ayni kunda boshqarma tizimida 9 ta oʻrmon xoʻjaligi, 2 tadan ov hamda foydali giyoh yetishtiriladigan dorivorchilik xoʻjaligi, shuningdek, ilmiy–tajriba xoʻjaligi hamda viloyat hududiy biolabaratoriyasi faoliyat yuritmoqda. Bugunga kelib tizimdagi korxona va boshqa subyektlar tomonidan umumiy tasarrufga olingan yer maydoni 576 ming gektar boʻlib, shundan 445 ming gektar maydon oʻrmon va toʻqayzordan tashkil topgan.
Hukumat meʼyoriy hujjatlari asosida Buxoro viloyat hokimining “Yashil qoplamalar” barpo qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan boʻlib, unga koʻra 2022–2026-yillarda umumiy maydoni 200 ming gektarda “yashil qoplama” yaratish–ixotalash choralarini koʻrish, ekish ishlarini amalga oshirish harakatiga kirishilgan.
Shu jumladan, Kogon ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligi tomonidan ekologik muvozanatni saqlash, choʻllanishga qarshi kurashish va yashil hududlarni kengaytirish maqsadida manzarali va mevali daraxt urugʻlari yigʻilib, ularning zaxirasi shakllantirilmoqda.
Xususan, tut, qayragʻoch, oʻrik, ipak akatsiyasi, yapon saforasi, sharq tuyasi kabi daraxt turlarining urugʻlari jamgʻarilgan boʻlib, bugungi kunda tut va qayragʻoch urugʻlari ekilib, koʻchatxonalar tashkil qilinmoqda. Xuddi shunday, oʻtgan mavsumda ekilgan va parvarishlangan manzarali hamda mevali daraxt koʻchatlariga zarur agrotexnik tadbirlar amalga oshirilib, ular tayyor nihol holatiga keltirilmoqda.
Hozirda xoʻjalikka qarashli 4 gektar maydonda tashkil etilgan niholzorlarda 8 turdagi, jami 250 ming tupga yaqin nihollar parvarishlanmoqda. Bu koʻchatlar kelgusida mintaqada yashil hududlarni kengaytirish va ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, xoʻjalik tomonidan tuman hududida oʻsuvchi dorivor oʻsimliklarni yigʻish, ularni maxsus texnologiyalar asosida qayta ishlash va qadoqlash boʻyicha loyihalar ham ishlab chiqilmoqda. Bu esa nafaqat ekologik, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali yoʻnalishlardan biridir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








