Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda manzilli tadbirlarning natijadorligini taʼminlash masalalari muhokama qilinib, muhim vazifalar belgilandi
2025-08-21 21:30:00 / Yangiliklar

Mazkur qarorga muvofiq oxirgi besh yil davomida kriminogen vaziyati murakkab boʻlgan "qizil" toifaga kiritilgan mahallalarda joriy yil yakuniga qadar alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlarni oʻtkazish orqali xavfsiz muhitni yaratish, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni sunʼiy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy taʼminotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan toʻliq qamrab olish, joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qoʻriqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qoʻriqlash qamrovini esa 60 foizga yetkazish, kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda manzilli tadbirlarning natijadorligini taʼminlashda mahalliy hokimliklar, davlat organlari va tashkilotlar, taʼlim va ilmiy muassasalar rahbarlarining shaxsiy masʼuliyatini oshirish koʻzda tutilgan.
Qayd etish lozimki, qaror ijrosi doirasida Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosarlari hamda viloyat prokuraturasi masʼul xodimlari va Buxoro shahar ichki ishlar organlari fuqarolarni mahalliy boshqarish boʻlimi rahbariyatlari Buxoro shahridagi “Shayxul Olam”, “Nizomiy Ganjaviy”, “Ahmad Donish” hamda “Sadriddin Ayniy” mahallalarida jinoyatchilikni keskin kamaytirish va tartibni mustahkamlash maqsadida biriktirildi.
Ular tomonidan “Xavfsiz hovli — xavfsiz xonadon” tamoyili asosida hududdagi korxona va tashkilotlar masʼullari, mahalla yettiligi aʼzolari hamda faol fuqarolar bilan hamkorlikda fuqarolarning muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha manzilli ishlar tashkil etilmoqda.
Bugun viloyat hokimi Botir Zaripov viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi hamda viloyat prokurori bilan birgalikda mazkur mahallalarda boʻlib, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda ijtimoiy profilaktika yoʻnalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni manzilli tarzda oʻrgandi.
Oʻrganishlar davomida mahallalarga biriktirilgan masʼullar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tanqidiy-tahlil qilindi, vaziyatni oʻnglash yuzasidan fikrlashildi va bu borada muhim vazifalar belgilandi.
Mahallalardagi ijtimoiy-huquqiy, profilaktika ishlarining holati, fuqarolarning faolligi va davlat idoralari bilan hamkorlik darajasi, mahallada joylashgan korxona, tashkilot va jamoat joylari bilan tanishilib, masʼullarga aniq topshiriqlar berildi.
Viloyat rahbari jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishda yanada qatʼiy va tizimli yondashuv talab etilishini alohida taʼkidladi.
Bunday nazorat tadbirlari bosqichma-bosqich tarzda boshqa hududlarida ham davom ettiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati






