Kogon: Zebo Ismatova oila aʼzolari bilan birgalikda qariyb 1 gektarli bogʻdan baraka topmoqda
2025-08-21 12:30:00 / Yangiliklar

Tumanning olis hududlaridan hisoblangan “Tuniroq” mahallasida istiqomat qiluvchi Zebo Ismatova ham ana shunday mehnatkash ayollardan. Xonadon bekasi va turmush oʻrtogʻini erta tongdan uyidan topish amrimahol. Sababi ular oʻzlariga tegishli boʻlgan 1 gektarga yaqin ekin yerida ishlab, moʻl hosil yetishtirish bilan bandlar. Ayni kunda mirishkorlar barpo qilgan bogʻda yuz tupga yaqin shaftoli, oʻrik, nok, olma, gilos daraxtlari, shuningdek, tok koʻchatlarining sara navlaridan parvarishlanmoqda. Xonadon mehnatkashlari bogʻdan olinayotgan hosil bilan aholi dasturxoni toʻkinligiga baholiqudrat hissa qoʻshmoqdalar. Shuningdek, ular qoʻli bilan yaratilgan tokzorda sarxil uzumning qora kishmishi, husayni kabi navlaridan, nok va olmaning 6 xil navidan totli mevalar yetishtirilmoqda.
—Umr yoʻldoshim bilan ikkalamizdan tashqari yana 5 kishi shu bogʻda mehnat qilib, oilalariga qoʻshimcha daromad keltirishmoqda,—deydi ekin yeridan baraka topayotgan uy bekasi Zebo Ismatova.—Shu bilan birga, hozirda mahallamizda yashovchi, "Ayollar daftari"da roʻyxatda turuvchi, niholchilik va nihol payvandlashga qiziqishi boʻlgan 20 nafar xotin-qizga xonadonimizda bepul oʻquvlar ham tashkil qilib, ularga ham ishlab daromad topishlari uchun koʻmaklashmoqdamiz.
Zebo Ismatova xonadoni aʼzolari bir tomondan bogʻni yashnatib, sarxil mahsulot yetishtirish barobarida uy xoʻjaligini obod qilib, unda 30 boshdan ortiq parranda va 20 boshga yaqin chorva mollarini ham parvarishlamoqdalar. Bundan koʻrinadiki, ular roʻzgʻorida tuxum, sut, qatiq, sariyogʻ, hatto goʻsht mahsulotlari avvalo kundalik ehtiyojni qondirishga xizmat qiladi.
Umuman, xonadon ahli bugun halol peshona teri evaziga bor imkoniyatdan unumli foydalanib, moddiy manfaatdorlikka erishib, orzu-havaslarini koʻrmoqdalar. Mahalladoshlari orasida alohida izzat-hurmat qozongan namunali tomorqachi Zebo Ismatovaga qaytsak, samarali mehnatlari ortidan u 2023-yilda "Mehnatkash dehqon" koʻkrak nishoni bilan ham taqdirlangan.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









