Kogon: Suxordagi maktabning 660 oʻrinli oʻquv binosi yangidan qurilmoqda
2025-08-20 20:10:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda tumanda mavjud taʼlim muassasalari yangi oʻquv yiliga shayligiga eʼtibor kuchaytirilgan. Xususan, Kogon tumanida ham bu kabi ishlar tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, temiryoʻlchilar tumanida faoliyat olib borayotgan 24 ta davlat umumtaʼlim hamda ixtisoslashtirilgan maktablarda jami 13 mingga yaqin oʻquvchi yosh taʼlim olib kelmoqda.
Jarayonda tumanda taʼlim sifati koʻrsatkichlarini yanada oshirish, taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sifatli bilim olishlari uchun muhim shart-sharoit yaratish, yangi oʻquv yiliga puxta tayyorgarlik koʻrish har qachongidan muhim. Soha rivojini yangi bosqichga koʻtarish, oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi oʻrni va obroʻ-eʼtiborini oshirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Kogon tumanining Suxor mahallasida oʻtgan asr yetmishinchi yillarida qurilgan, bugunga kelib maʼnan eskirgan maktab binosi oʻrnida yangi zamonaviy taʼlim maskani barpo etilmoqda.
Ushbu barpo etilayotgan 36 x 16 metr oʻlchamdagi, 4 qavatdan iborat va 660 oʻrinli oʻquv binosi bugungi kun talablariga toʻliq javob beradigan tarzda loyihalashtirilgan. Qurilish ishlarini mahalliy pudratchi subyektlardan "Shofirkon remstroy complect" MCHJning tajribali quruvchi-muhandislari amalga oshirmoqda. Loyiha qiymati qariyb 7 milliard soʻmni tashkil etadi.
Eʼtiborlisi, yangi maktab binosi inklyuziv taʼlim talablariga mos ravishda jihozlanayotganidir. Bunda imkoniyati cheklangan oʻquvchilar uchun nishab yoʻlaklar qurilib, lift, maxsus hojatxona va qulay kirib-chiqish yoʻlaklari bilan taʼminlash koʻzda tutilgan.
Ayni kunda taʼlim dargohidagi qurilish ishlari tuman hokimligi kundalik nazoratida. Bunda qurilish ishlari holati, xom ashyo taʼminoti, ishni belgilangan muddatda sifatli yakunlash, ishchilarga yaratilgan mehnat sharoiti oʻrganilib, yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish choralari koʻrilmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati




