Qariyb 100 yillik orzu ushaldi: Gʻijduvonda zamonaviy madaniyat maskani foydalanishga topshirildi
2025-08-20 19:10:00 / Yangiliklar

Mamlakatimiz Prezidentining oʻtgan yili 31-may – 1-iyun kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan oʻtkazilgan muloqotda tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim strategiyalari belgilangan, jumladan, Yetti Pir silsilasi sardori Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy mangu qoʻnim topgan maskanda muhtasham madaniyat markazini barpo etish topshirigʻi berilgandi.
Oʻtgan qisqa muddatda tashabbuskor tomoni, yaʼni “Buxoro agroklaster” MCHJ saʼy-harakati bilan bu inshoot bunyod etilib, sanʼatsevar gʻijduvonliklar uchun shay qilindi.
Madaniyat markazi uchun tuman markazidagi “Chorsu” mahalla fuqarolar yigʻinidan qariyb bir gektar yer maydoni ajratilgan boʻlib, uning yarim gektarli qismida loyihaga binoan ikki qavatli inshoot barpo qilindi. Inshoot qurilish ishlariga qiymati 33 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Zamonaviy andozada barpo qilingan markazda madaniyat va sanʼatning barcha jabhalarini qamrab olgan mashgʻulot xonalari, tomosha zallari, ovoz yozish studiyasi tayyorlangan. Xuddi shunday, muassasada musiqa va sanʼatga oshufta barkamol avlod uchun markazda anʼanaviy xonandalik, raqs, drama, anʼanaviy cholgʻu asboblari, doyrachilar toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Zamonaviy uskuna va zarur inventarlar bilan jihozlangan mashgʻulot xonalarida yoshlarimiz, sanʼatga mehr qoʻygan yurtdoshlarimiz shugʻullanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Bir soʻz bilan aytganda, muhtasham maskandan oʻrin olgan 70 ta mashgʻulot xonasi madaniyat va sanʼat ixlosmandlarini kutib turibdi.
Gʻijduvonda shunday maskan barpo etilishi tasodif emas. Tarixning guvohlik berishicha, 1936-yilda Gʻijduvonda xalq teatri ish boshlagan, unda faoliyat koʻrsatgan isteʼdodlar keyinchalik el mehrini qozongan sanʼatkorlarga aylanishgan. Afsuski, bir muddatdan soʻng mazkur xalq teatri faoliyati toʻxtatilgan.
Demak, bugun qariyb bir asrlik orzu ushaldi. Tez orada ijodkorlar va ular muxlislari bilan gavjum boʻladigan madaniyat markazi 200 nafardan ziyod gʻijduvonlik yosh isteʼdod sohibini oʻz bagʻriga olishi kutilmoqda. Eʼtiborlisi, bu muassasa tufayli unda 30 nafarga yaqin ijodiy xodim, pedagog yosh avlod taʼlim-tarbiyasiga jalb qilinmoqda.
Muhtasham madaniyat markazi ochilishi munosabati bilan tashkil qilingan tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, barcha gʻijduvonliklar, jamoatchilik vakillari, madaniyat va sanʼat muxlislarini muhtasham mustaqillik inshooti bilan samimiy muborakbod etdi.
Zero, bu Vatan istiqloli sharofati, xalq xoʻjaligi jabhalarida izchil olib borilayotgan insonparvar islohotlar samarasidir.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









