Vobkent: Hajuvonda yana bir maktabgacha taʼlim maskani qurilmoqda
2025-08-20 11:30:00 / Yangiliklar

Bunda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti soni 36 taga, davlat xususiy sherikligi asosida qurib foydalanishga topshirilgan muassasa soni 7 taga, oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti esa 88 taga yetkazilgani fikrimiz dalili. Xuddi shunday, hududda 1 ta nodavlat MTT ham ish yuritayotgan boʻlib, jami bolalar muassasalari bugunga kelib qariyb 12 ming nafardan ortiq jajji oʻgʻil-qizni oʻz bagʻriga olmoqda. Bu koʻrsatkich bolalarni maktabgacha taʼlim tizimiga umumiy qamrovining 80 foizidan koʻprogʻi deganidir. Albatta, bu hol farzandlari taqdiriga befarq qaramasdan, ularni erta savodli qilish va maktabga tayyorlash harakatida boʻlgan ota-onalarni xursand qilmoqda.
Mamlakatimiz mustaqilligi arafasida “Hajuvon” mahallasida yana bir maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirilayotgani mahalliy aholi uchun koʻpdan kutilgan yangilikdir. Mazkur bollar bogʻchasi OPEK dasturi asosida loyihalashtirilgan boʻlib, yaqin oylarda 90 nafar jajji bolajonni oʻz bagʻriga oladi. Ayni kunda hududda pudratchi "Ideal texno Building" MCHJ binokorlari tomonidan zamonaviy andozadagi, ikki qavatli inshoot qurilishi jadal surʼatlarda bormoqda. Bu bino uchun qiymati 4 milliard 200 million soʻm mablagʻ moliyalashtirilgan.
—Muassasada tashkil qilinadigan 3 ta asosiy guruhda 90 dan ziyod bolaga zamonaviy sharoitlarda taʼlim-tarbiya berish imkoniyati yaratiladi. Bu yerda yozgi oʻyin, futbol maydonchasi, sport va musiqa zallari tashkil etiladi,—deydi yosh tarbiyachi pedagog Nargiza Samiyeva.—Xonalar rivojlantiruvchi oʻyinlar va koʻrgazmali vositalar, bolalar oʻz iqtidorini namoyish etishi uchun zarur barcha qulayliklar bilan taʼminlanadi. Qolaversa, bogʻchada 15 nafar tarbiyachi-xodim ish bilan taʼminlanadi. Bolalar bogʻchasining ochilishi taʼlim tizimini mustahkamlaydi. Bu ayniqsa, yosh oilalar va ishlayotgan onalar uchun muhim ahamiyatga ega.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









