Buxorolik ilgʻor ishbilarmonlarga davlat mukofotlari va "Faol tadbirkor" koʻkrak nishoni topshirildi
2025-08-19 10:20:00 / Yangiliklar

Quvonarlisi shundaki, ushbu sharafli eʼtirofga sazovor boʻlgan baxtli insonlari safida viloyatimizning 10 nafar nafar vakillari, jumladan, 3 nafar davlat mukofoti hamda 7 nafar koʻkrak nishoni sohiblari ham bor.
Shu munosabat bilan viloyat hokimligida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida Buxoro viloyatidan davlat mukofotlariga munosib koʻrilgan ikki nafar hamyurtimizga medallar, yetti nafar ishbilarmonga “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni tantanali tarzda topshirildi.
Tadbirda qatnashgan Buxoro viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Botir Zaripov soha jonkuyarlarini yaqinlashib kelayotgan Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi va “20-avgust – Tadbirkorlar kuni” bilan tabriklab, viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida xususiy tadbirkorlikning oʻrni va ahamiyati beqiyos ekanligini taʼkidladi.
Eʼtirof etilganidek, soʻnggi yillarda tadbirkorlikni qoʻllab- quvvatlash, qulay biznes muhitini shakllantirish mamlakat taraqqiyotining ustuvor mezonlaridan biriga aylanganligi bugun xalqimizning farovon turmushida oʻz ijobiy natijasini bermoqda.
Agar 7 yil oldin viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 19,5 trln.soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 71,5 trln.soʻmni tashkil qilib, 3,7 barobar oʻsishga erishildi. Shundan kichik biznesning ulushi 51,1 trln.soʻmni yoki 73 foizni tashkil qildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda viloyatda kichik biznesning ulushi sanoatda 41 foizni, chakana savdoda 91 foizni, xizmat koʻrsatishda 68,4 foizni, qurilishda 42.5 foizni hamda qishloq xoʻjaligida 96,4 foizni tashkil etmoqda. Viloyatda eksportning 100 foizi aynan tadbirkorlarimiz tomonidan amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davrda tadbirkorlik subyektlarining soni 13 ming 646 tadan 37 ming 608 taga yetib, 2,8 baravarga oshdi. Ular tomonidan 2017-yil yakuni bilan 20 ming 551 ta yangi ish oʻrinlari yaratilgan boʻlsa, 2024-yil yakunida bu koʻrsatkich 30 ming 546 taga yetdi.
Marosimda soʻzga chiqqan tadbirkorlar koʻrsatilgan eʼtibor, gʻamxoʻrlik va ragʻbat uchun minnatdorlik izhor etdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









