Qishloq xoʻjaligida suvdan tejamkorlik bilan foydalanish—dolzarb vazifa
2025-08-16 19:10:00 / Yangiliklar

Tumanlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, suv yetkazib berish xizmatlari, melioratsiya, tik quduqlar boʻlimlari, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari masʼul mutasaddilari, fermerlar hozir boʻlgan oʻquv-amaliy seminarini viloyat hokimining oʻrinbosari Amrullo Nazarov olib bordi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda davlatimiz rahbari raisligida soha rivojiga bagʻishlab oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishlarida ekin yerlaridan samarali foydalanish, suv taʼminotini barqaror yoʻlga qoʻyish, irrigatsiya tarmoqlari, sugʻoriladigan maydonlar va xoʻjaliklararo oʻtgan ichki ariqlarda suv yoʻqotilishlarining oldini olish, “obi hayot”dan maqsadli foydalanish maqsadida suv oʻzanlarini betonlashtirishga doir qator tavsiyalar ishlab chiqilib, agrokompleks mutasaddilari zimmasiga aniq vazifalar yuklangan.
Bu borada ayni kunda viloyatimizda xitoylik investor Yura Chang boshchiligidagi masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Silk Road” xorijiy korxona ishchi-mutaxassislari ish olib bormoqdalar. Ular tomonidan gidroinshootlar, havza va ariqlarda suv sarfini kamaytirish maqsadida maxsus qoplamali toʻshama kashf qilingan boʻlib, mahalliy sharoitda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan. Hozirda sanoat zonasida ish yuritayotgan “Silk Road” xorijiy korxonasida bir kecha-kunduzda 5 ming kvadrat metr hajmidagi shunday qoplama ishlab chiqarilmoqda.
Oʻquv-amaliy seminarida “Silk Road” xorijiy korxonasi rahbari Yura Chang, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Erkin Fayzullayev, Kogon tumani hokimi Otabek Qazoqov va boshqalar fikr-mulohazalari, axborotlari eshitildi.
Ahamiyatli jihati, bu qoplama tarkibida sement aralashmasi boʻlib, ariq oʻzaniga toʻshab, ustidan suv oqizilganda toʻshama betonga aylanadi. Bu bilan ariqlar oʻzanini betonlashtirishdagi ortiqcha sarf-xarajat, qolaversa, suv yoʻli boʻyidagi dov-daraxtlarni kesib tashlashdek ovoragarchilik va yoʻqotishlarga barham beriladi. Mutaxassislar fikricha, bu qoplama 10 yil va undan ortiq muddat xizmat koʻrsatishi mumkin. Joriy yilda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanilayotgan xoʻjaliklararo ichki ariqlarning 2 ming kilometr qismini betonlashtirish maqsad qilingan. Endilikda maxsus qoplamali yangi kashfiyot oʻzini oqlasa, agroklaster va fermer xoʻjaliklariga mazkur variantdan keng foydalanish tavsiya qilinmoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








