Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi boʻlib oʻtdi
2025-08-16 14:50:00 / Yangiliklar

Sessiya ishida viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat hokimining tegishli oʻrinbosarlari, viloyat boshqarmalari, tashkilotlari va muassasalari rahbarlari, siyosiy partiyalar, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, jamoat tashkilotlari, viloyat hokimligi boʻlinmalari masʼullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, hududiy studiyalardan ham tegishli masʼullar videokonfrensaloqa orqali sessiya ishini kuzatib borishdi. Sessiyada dastlab viloyatda huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida 2025-yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlarning holati toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqildi. Bunda mazkur yoʻnalishda olib borilgan ishlar yuzasidan viloyat IIB boshligʻi Ikromjon Tursunovning hisoboti eshitildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masalada viloyatda investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda “Oʻzbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi axborot tinglandi.
Shundan soʻng deputatlar “Oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlganhuquqlarni eʼtirof etish toʻgʻrisida”gi, “Viloyatda muqobil energiya manbalaridan foydalanishni joriy etish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi, “Viloyat mahalliy byudjetining 2025-yil qoʻshimcha manbalarini yoʻnaltirish toʻgʻrisida”gi, “Jahon banki kredit mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan Oʻzbekistonda kichik gidroenergetikani rivojlantirish» loyihasining konsepsiyasini kelishish toʻgʻrisida”gi masalalarni koʻrib chiqdilar.
Shuningdek, sessiya ishida xalq deputatlari viloyat Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar koʻrib chiqildi. Bu borada deputatlarning fikr-mulohazalari va takliflari eshitildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









