Buxoroda endokrinologiya dispanserining yangi binosi foydalanishga topshirildi
2025-08-14 16:55:00 / Yangiliklar

Qaror ijrosi asosida viloyatda endokrin kasalliklarning oldini olish va davolash tizimini yaxshilash maqsadida Buxoro shahrida 120 oʻringa moʻljallangan endokrinologiya dispanseri binosi qurilayotganligi haqida xabar bergan edik.
Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi injiniring kompaniyasi” buyurtmachiligidagi inshootning loyiha qiymati qariyb 48 milliard soʻm baholangan. "XKMK-47" MCHJ bunyodkorlari tomonidan amalga oshirilgan qurilish ishlari toʻliq yakunlanib, viloyatdoshlarimiz yana bir zamonaviy shifo maskaniga ega boʻlishdi. Bugun endokrinologiya dispanserining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov, sogʻliqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov, shuningdek, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, muassasa xodimlari, endokrinologiya sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan fidoyi shifokorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
– Prezidentimizning viloyatlarga tashrif chogʻida har bir hududning oʻziga xos muammolariga eʼtibor qaratilib, joyida yechim topib kelinayotganida aholining turmushi darajasi yuksalayotgani oʻzining yorqin ifodasini topmoqda, – dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. – Mazkur tibbiyot muassasasi uchun yangi majmua barpo etilishi ham davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi doirasida berilgan qator muhim vazifalardan biridir. Endokrinologik kasallikka chalinish ehtimoli nisbatan koʻpligini nazarda tutib, Buxoroda shunday markaz boʻlishi zarurligi aytilgan edi. Bu maqsad soʻzdan amalga koʻchib, oʻtgan qisqa vaqtda mana shu muhtasham shifo maskani qad rostladi. Bu hududda endokrinologik xastaliklar soni sezilarli kamayishiga xizmat qiladi.
Yangi binoda ixtisoslashgan boʻlimlar koʻpaytirildi. Endi dispanserda jarrohlik, bolalar va oʻsmirlar, diabetologiya-tireodologiya va diabetologiya-nefrologiya boʻlimlari mavjud. UZI va rentgent xizmatlari yoʻlga qoʻyildi. Laboratoriyada klinik va biokimyoviy, garmonal tahlillar olib boriladi.
Marosim ishtirokchilari bu yerda yuqori sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun bemorlar va tibbiyot xodimlariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









