Qorakoʻl: Choriyevalar xonadoni loviyadan 30 million soʻm daromad topish harakatida
2025-08-11 10:50:00 / Yangiliklar

Qorakoʻl tumani, Qozon mahallasida yashovchi Zebiniso Choriyeva ham ayni kunda 10 sotixdan iborat tomorqasida loviya yetishtirmoqda. Ayni pishiqchilik mavsumida xonadon bekasi ekin yerida yetilgan loviyadan kuniga 60-70 kilogram hosil yigʻib olib, bozorga chiqarmoqda. Har bir kilogram loviya narxi esa 20-25 ming soʻmdan aholi dasturxoniga yetkazilmoqda. Shu orqali bir oila qoʻshimcha daromadga ega boʻlib, roʻzgʻor kam-koʻstini but qilmoqda.
— Keyingi yillarda “toʻqsonbosti” usulida loviya yetishtirib, yaxshigina daromadga ham ega boʻlmoqdamiz. Oʻtgan yili shuni oʻzidan 20 million soʻmga yaqin daromad qilgan boʻlsak, joriy yilda hademay 30 million soʻmga yetkazib foyda olishni niyat qilganmiz,—deydi mirishkor tomorqachi Zebinison Choriyeva. — Tajribamizdan maʼlumki, loviyani sabzavot ekinlari bilan aralash qilib ekish ham moʻl hosil garovi. Kartoshka, karam, lavlagi va pomidorlar qatoridan soʻng ikki qator qilib ekilsa, tomorqadan bir vaqtda ikki xil hosil olsa boʻladi.
Albatta, tomorqa mehnati xonadon uchun qoʻshimcha ragʻbat va daromad degani. Bugun tomorqachi dehqon xoʻjaliklari qoʻllab-quvvatlanib, sabzavot-poliz mahsulotlari, loviya kabi dukkakli mahsulotlar ekish ishlari keng qamrov kasb etayotgani avvalo roʻzgʻor ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati








