Qorakoʻlda paxta dalalari oqqa burkanmoqda, dala chetlaridan ham unumli foydalanilmoqda
2025-08-04 16:55:00 / Yangiliklar

Tahlillardan koʻrinishicha, 2024-yilgi mavsumda Qorakoʻl tumanidagi 240 ta fermer xoʻjaligi tomonidan jami 9 ming 100 gektar gʻoʻza maydonida barakali hosil agrotexnik talablar asosida parvarishlanib, bundan kech kuzga borib 30 ming tonnadan oshirib sanoat uchun qimmatbaho xom ashyo xirmoni barpo qilingan. Ayni kunda masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Merganteks” va “Qorakoʻl kumush kalava” paxta-toʻqimachilik klasterlari bilan hamkorlikda hosil nihollarini agrotexnik talablar asosida parvarishlash, niholni chanqatmaslik, paykallar qator oralarini yumshatish, mineral va mahalliy oʻgʻitga toʻyintirgan holda “obi hayot”ga qondirish, qator oralarini begona oʻtlardan tozalab, “chekanka” qilish (chilpish), shu bilan birga, beda qandalasi, oʻrgimchakkana kabi zararli hasharotlarga qarshi biologik kurash tadbirlari uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Shu kunlardagi dolzarb ishlarga gʻoʻzani obi-tobida sugʻorish, chilpish, mineral va mahalliy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, qator oralarini chopiq qilish, chuqur yumshatish hamda gʻoʻzani bargidan oziqlantirish kabi tadbirlar kiradi. Tumanda joriy 2025-yilda 8 ming gektardan ortiq yerga chigit ekib, 34 ming tonnaga yaqin paxta hosilini yetishtirish maqsad qilingan. Shuningdek, fermerlarimiz nafaqat asosiy maydonlarga, balki, fermer va dehqon xoʻjaliklarining dala chetlariga ham sabzavot, poliz va boshqa turdagi ekinlarni ekish orqali daromadlarini oshirmoqdalar.
Jumladan, Dargʻali hududida faoliyat yuritayotgan “Ozodbek Ravshanov” fermer xoʻjaligi bu mavsumda 90 gektar yerda gʻoʻza parvarishlamoqda. Mirishkorlar hademay, “gʻalvirni suvdan koʻtarish” pallasida 300 tonnadan oshirib “oq oltin” xirmoni koʻtarish harakatidalar. Ishning “koʻzi”ni biladigan fermer jamoasi mazkur maydondagi hosil choʻgʻini koʻpaytirish, hosilga hosil qoʻshish bilan birga dala chetlaridan ham samarali foydalanib, ishchilar oilalari roʻzgʻori uchun sabzavot-poliz mahsulotlari ekib, yetishtirib kelishmoqda.
—Dala chetlaridan oqilona foydalanish harakatiga tushib, keyingi yillarda roʻzgʻorimizga baraka kiritmoqdamiz. Paxta maydonlari chetida pomidor, bulgʻor qalampiri, loviya, oshqovoq, yana kungaboqar oʻsimliklaridan ekib, yaxshiginga hosil olmoqdamiz,—deydi fermer Bekzod Ravshanov.—Asosiy hosil, paxta xom ashyosi bilan birga dala chetlaridan unumli foydalanilayotgani ishchilarimiz uchun ham ayni muddao boʻlmoqda.
Albatta, fermer xoʻjaliklarida har qarich yerdan oqilona foydalanish oʻsha hudud aholisi dasturxonini arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini ham bermoqda.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









