Qorakoʻl: Shavkat Nazarov yasayotgan darvozalarga xaridorlar ortmoqda
2025-08-01 09:10:00 / Yangiliklar

Bu hunarda usta duradgorlik, chilangarlik, metalga ishlov berish bilan birga elektr payvandlash, dekorativ uslubdagi gul va bezak turlarini tanlash taqozo qilinadi. Ayni kunda oʻz oilaviy korxonasiga ega boʻlgan yosh tadbirkor Shavkat Nazarov ham ana shu borada ishlab, oʻz ustida izlanib, qolaversa, xaridorlar didi, istaklarini oʻrganib ustaga aylangan, desak mubolagʻa emas.
Hozirda oʻz ustaxonasini ochib, unda turli oʻlcham va hajmdagi eshik, darvozalar, panjara va boshqa buyumlarni yasab tayyorlab, sotuvga chiqarmoqda.
—Mahalladosh, qishloqdoshlarimiz imoratlari uchun oyiga buyurtma asosida 4-5 ta darvoza tayyorlasak, 10 dan ortiq eshik va panjaralar yasab mijozlarga yetkazayapmiz, —deydi Shavkat Nazarov. —Hozirda seximizdagi ishchi sonini 6 nafarga yetkazib, ishimizni rivojlantiryapmiz. Mahsulotimiz hamyonbop, turli koʻrinishda ishlab chiqarayotgan eshik, darvozalar, panjaralarning sifati yaxshi, narxi arzon. Deylik, darvozalar 6 million soʻmdan 15 million soʻmgacha, metal eshiklar 2 million soʻmdan 10 million soʻmgacha tayyorlanmoqda. Bundan tashqari, buyurtma asosida hovlilar, bino-inshoot derazalariga chambarak, panjaralar yasashni ham koʻpaytirib, oʻzimiz oʻrnatib bermoqdamiz.
Hozirda mahalladoshlar, uy qurayotgan mijozlardan, shu bilan birga, taʼmirlanayotgan maʼmuriy bino-inshootlar uchun buyurtma olib ish yuritayotgan Shavkat Nazarov faoliyatini kengaytirib, eksportbop mahsulotlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish harakatida.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati





