Qorakoʻldagi ijtimoiy yotoqxonada yashayotgan ayollarning muammolari oʻrganilib, ularni tezkor hal etish yuzasidan vazifalar belgilandi
2025-07-26 17:40:00 / Yangiliklar

Shu bilan birga, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular bilan maqsadli ishlarni tashkil etish, oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash borasida oldimizda qiladigan ishlar koʻpligi ham ayni haqiqat.
Keyingi vaqtlarda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim oilalarda ham ruhan, ham jismonan jabrlanayotgan yoki yangi tugʻilgan chaqalogʻini koʻcha-koʻyga tashlab ketayotgan xotin-qizlar haqidagi xabarlar qulogʻimizga tez-tez chalinib qolayapti. Yoki turmushda uchrab turadigan toʻsiqlar, muammolarni bartaraf qilishga oʻzida kuch, iroda topa olmaganidan oila atalmish muqaddas qoʻrgʻonni mustahkamlay olmayotgan, osonlikcha ajrashishga shoshilayotganlar, bolasini yirtqich hayvonga tashlayotganlar ham bizga begona emas, oʻzimizning opa-singillarimiz.
Bunday noxush holatlar, qolaversa oila, xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Viloyat hokimining oʻrinbosari - oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Hafiza Artikova boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan viloyat hududidagi ijtimoiy yotoqxonalarda istiqomat qilayotgan ayollar bilan oʻtkazayotgan uchrashuv va ochiq muloqotlarida ayni shu masalalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻrganish va uchrashuvlarning navbatdagi manzili Qorakoʻl tumani boʻldi. Qorakoʻl tumanida toʻrtta ijtimoiy yotoqxona boʻlib, ularda 210 nafar fuqaro yashaydi. Shundan 112 nafari xotin-qizlardir. Ular orasida ishlash, tadbirkorlik yoʻnalishida oʻzini sinab koʻrish istagi bor, ammo koʻmakka, maslahatga ehtiyojibor. Oʻzi yoki farzandi davolanishiga muhtoj.
Dastlab ishchi guruhi tomonidan yotoqxonalarda yashorvchi ayollar uchun sayyor qabul tashkil qilindi. Sayyor qabulga ish soʻrab murojaat qilgan xotin-qizlarga aniq ish oʻrinlari, shuningdek, kasanachilik asosida yoki uyda oʻtirib daromad topishlari uchun loyihalar taklif qilindi. Tadbirkorlik yoʻnalishida tadbirkorlik hamda imtiyozli kreditlar turlari, olish tartiblari tushuntirildi. Uy-joy soʻraganlarga subsidiya olish boʻyicha tushuncha berildi. Davolanishga koʻmak soʻrab qilingan murojaatlar ham ijobiy hal etildi: davolanish orderi va dori-darmon yetkazib beriladigan boʻldi.
Sayyor qabulda tinglangan barcha murojaatlar boʻyicha tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda bartaraf etish choralari belgilandi. Shuningdek, viloyat hokimi oʻrinbosari ijtimoiy uylar joylashgan “Tinchlik” va “Eski Qalʼa” mahalla fuqarolar yigʻinlari “yettiligi” bilan muloqot qilib, ijtimoiy uylarda yashayotgan oilalar, xususan xotin-qizlar bilan ishlash, ularning muammolarini doimiy oʻrganib borish va bartaraf etish choralarini koʻrish, ijtimoiy ahvolini yaxshilash boʻyicha tavsiya va koʻrsatmalar berdi.
Jarayonda har bir fuqaro bilan yakka tartibda suhbatlashilib, ularni qiynab kelayotgan muammolari oʻrganildi. Bundan tashqari, mahallalarda xotin-qizlar bilan davra suhbatlari tashkil etildi.
Shuningdek, Hafiza Artikova Qorakoʻl tumanida mavjud 45 ta mahalla xotin-qizlar faollari bilan muloqot qilib, faollar oldiga qoʻyilgan vazifalar, vakolatlar, xotin-qizlar faoli tomonidan shakllantiriladigan hujjatlar, korrupsiya holatlariga yoʻl qoʻymaslik, kasb etikasi haqida soʻz yuritdi. Oilalar bilan individual ishlash, ishsiz, kasb-hunarga oʻqish, kredit olish hamda subsidiyaga ehtiyoji bor xotin-qizlarni aniqlash, hufufbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, migratsiya kabi masalalarda “yettiligi” bilan hamkorlik, ish samardorligini oshirish borasida tavsiyalar berdi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati









